French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xushmuomala davlat xizmatchisi rahbarlik qiladigan jamoada birdamlik va bardamlik bo‘ladi
19:23 / 2022-11-22

So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa ma’naviyatdandir. Bular jamlangan holda muloqot etiketi va muomala madaniyati, boshqacha aytganda, notiqlik san’atining tarkibiy qismlaridir.

Tasavvur qiling, ko‘rgan, bilgan, tinglagan narsa-hodisa haqidagi fikrimizni emin-erkin, mustaqil tarzda og‘zaki hamda yozma yo‘sinda yetkaza olmasak, o‘zimizni chin ma’noda savodxon, qolaversa, ma’naviyatli deya olamizmi? Albatta, yo‘q.

Shuning uchun ham xalq bilan muloqot va muomala madaniyati, kommunikativ kompetentlik tushunchasi nihoyatda muhim, chunki u oddiy so‘zlashuvdan tortib ilmiy, ta’limiy, hatto siyosiy jarayonlargacha bo‘lgan voqelikni qamrab oladi.

Davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng muhim mezoni ekanini e’tirof etib, inson manfaatlari hamda xalq roziligini har narsadan ustun qo‘yar ekanlar, bu masala doimo dolzarblik kasb etishi tayin.

Jadid ma’rifatparvar adibi Abdulhamid Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, «Quchoq ochib xalq ichiga borishni» niyat qilgan har bir xodim bu masalaga befarq bo‘lmasligi ayon. Xalq bilan muloqot zamirida nutq, notiq, mantiq va muomala tushunchalari alohida mohiyat kasb etadi. Kitobiga birinchi haykal qo‘yilgan Antuan Sent Ekzyuperi «Bu dunyodagi birdan-bir haqiqiy ne’mat odamlarning bir-biri bilan muloqotidir», deya bejiz uqtirmagan.

Chunki ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi muloqotlar zaminida bugungi kunda turli jabhalarda olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun-mohiyatini ommaga, keng jamoatchilikka sodda, ravon va aniq yetkaza olish har bir davlat xizmatchisining burchi va vijdon amridir.

Xuddi shu maqsadda Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va "Notiqliksanʼatiakademiyasi" NTM hamkorligida «notiqlik san’ati: kommunikativ kompetentlik, muloqot va muomala madaniyati asoslari» mavzusida o‘quv-amaliy kursi o‘z faoliyatini boshladi. Strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun o‘rinli qo‘llangan usul va yo‘l-yo‘riqlar hamisha muvaffaqiyatlar garovi bo‘lib kelgan.

O‘quv kursi kasbiy faoliyatda kommunikativ kompetentlik, nutq madaniyati va notiqlik san’ati, muloqot etiketi va muomala madaniyati borasida Davlat xizmatchilarining barcha bo‘g‘inlariga manfaatli ekani bilan xarakterlanib turadi. 

Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiydan «Bu dunyoga kelib nimani anglab bildingiz», deb so‘raganlarida, u «O‘z haddimni bildim», deb javob bergan ekan. Had-hududni bilish haq-huquqni anglashdir. Demak, har qanday notiq, avvalo, qonuniy va huquqiy me’yorlarni bilishi kerak. Shuning uchun ham ushbu kursga o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun tajribali mutaxassislar, yetuk huquqshunos-notiqlar jalb etilgan.

Yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshevning «Davlat xizmatchisining og‘zaki yuridik muloqoti va hujjatlarni yozma rasmiylashtirish» mavzuidagi chiqishlari tinglovchilar uchun dasturulamal bo‘lgani sir emas.

Shuningdek, «Huquqiy va ijtimoiy munosabatlarda xulqiy, nutqiy va huquqiy madaniyatning ahamiyati» mavzudagi yuridik fanlar doktori, professor Firuza Muhiddinovaning amaliy ma’ruzasi hamda taniqli siyosiy sharhlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qobilbek Karimovning «Siyosiy – ijtimoiy notiqlik va diplomatik munosabatlar mezoni» mavzuidagi suhbati tinglovchilarning e’tiboriga molik bo‘ldi. 

Kaminaning «Omma oldida nutq so‘zlash, fikrni erkin bayon etish uslublari, xalq bilan muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish, nutq xususiyatlarini bilish va amalda qo‘llash, minbar, mikrofon va videokamera orqali jamoatchilikka fikr yetkazish madaniyati, televideniye va radiokanallarga intervyu berish texnologiyasiga doir» mulohazalari ham tinglovchilarga juda ma’qul kelgani quvonarlidir.

Boshqaruv tizimidagi turli rahbarlarning bloger va jurnalistlar bilan muloqot jarayonidagi muammoli holatlarga internet sahifalarida ko‘p duch kelamiz. Xo‘sh, davlat xizmatchisi bunday hollarda qanday ish tutishi va o‘z vazifasini qonunan qanday bajarishi kerak qabilidagi savollarga taniqli va tajribali jurnalist, O‘zJOKU dotsenti, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Jamoatchilik Kengashining raisi Karim Bahriyev «Davlat xizmatchilari va OAV munosabatlarining qonunchilik asoslari» nomli amaliy ma’ruzasi bilan to‘la, atroflicha va asosli javob berdi.

Davlat xizmatchilari nutqining mantiqiy va jozibali bo‘lishini ta’minlaydigan muhim omillardan biri – til imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, hammabop tarzda ta’sirchan fikr yetkazishdir. Bu borada esa san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent Go‘zal Xoliqulovaning "Ommabop nutqning tili va uslubi, notiqlik mahoratini oshirishda badiiylik unsurlaridan foydalanish» mavzusidagi amaliy ma’ruzasi qay darajada tinglovchilar diqqatini jalb etgan bo‘lsa, «Spiker» notiqlik maktabining rahbari, iqtidorli, yosh notiq Ikrom Xudoybergenovning «Noverbal muloqot asoslari, nutqda imo - ishora va tana tilining o‘rni, notiq imiji va mahorati borasidagi amaliy mashg‘ulotlari ham shunchalik yo‘sinda tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, filologiya fanlari nomzodi, Davlat boshqaruv akademiyasining dotsenti Ulug‘bek Saidovning «Ijtimoiy muloqotning zamonaviy usullari» nomli video-ma’ruzasi hamda amaliy mashg‘ulotlari e’tiborga molik bo‘ldi. Kurs tinglovchilari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Rustam Abdunazarov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i: 

– Madaniyat so‘zi keng qamrovli tushuncha. Yurish-turish, ko‘rinish-kiyinish madaniyati va hokazo. Ular ichida ajralib turadigani nutq madaniyati ekanini yana bir bor his etdim. "O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar", degan xalq maqoli bejiz yaratilmaganini uqdim. Ish jarayonida so‘zlashish, muloqot madaniyati barchaga birdek zarur. Nutq mahoratini, ayniqsa, vazirligimiz tizimidagi barcha xodimlar, ijodkor, san’atkorlar hammalari egallashi kerak. Chunki vazirligimiz nomidanoq bu anglashilib turibdi. To‘g‘ri, keyingi paytlarda ayrim rahbar xodimlarning omma bilan muloqot jarayonida vulgar so‘zlar, haqoratomiz iboralarni qo‘llash holatlari kuzatildi. Bu esa madaniyatli inson, ma’naviyatli rahbar xodim portretiga ziddir.

Sevara To‘laganova, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Axborot xizmati bosh mutaxassisi: 

– Ushbu kursda malaka oshirish men uchun murakkablik tug‘dirmadi. Muhimi, kurs mobaynida biz ko‘pgina amaliy va nazariy ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘z sohasining tajribali mutaxassislari dars bergani bizni nihoyatda mamnun etdi. Notiqlik bo‘yicha mashqiy jarayonni muntazam davom ettirish kerakligini fahmladim. Biz odatda tashqi ko‘rinishimizga e’tibor qilamizu, vaholanki, ichki dunyomizning ko‘zgusi bo‘lgan so‘zimizga, nutqimizga unchalik diqqat qilavermas ekanmiz. Notiq-pedagoglarimiz bizga chinakam ma’noda yo‘llanma berishdi. 

Marg‘uba Masaidova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi yuriskonsulti: 

– Ushbu o‘quv-amaliy kurs har birimizda mas’uliyat hissi va majburiyat burchini kuchaytirdi, desam, xato bo‘lmasa kerak. Biz og‘zaki va yozma nutq qoidalarini unchalik bilmas ekanmiz, bilsak ham to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llamas ekanmiz. Demak, ishimizning sifati va samarasi bevosita shunga bog‘liq. Kurs davomida berilgan ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlardan biz to‘la qoniqish hosil qildik. Yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshevning og‘zaki yuridik muloqot va hujjatlarni yozma rasmiylashtirish borasidagi fikr-mulohazalari va tavsiyalari men uchun ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.

Zarnigor Rustamova, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilish masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi:

– «Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga», degan xalq maqolida haqiqat bor. Biz nega ko‘pchilik oldida, minbarda hayajonlanib gapira olmay qolamiz. Bu nutq ustida ko‘proq ishlamaganimizdan ekanini fahmladim. Dars jarayonida ustozlardan biri e’tirof etganidek oshiqni ishq toblasa, notiqni mashq toblar ekan. O‘zimiz o‘qigan va eshitganlarimizni birovga bemalol aytishga qiynalsak, biz qanday insonmiz?! Axir tilimiz – elimiz va dilimiz nishoniku. Shu xalqning farzandi bo‘lgandan keyin ona tilimizga bo‘lgan e’tiborsizlikka chidash qiyin. 

Zafarbek Olimbekov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i: 

– Kitobga yaqin bo‘lgan, uni mushohada qilgan insonning nutqi ravon bo‘lishi aniq. Qolaversa, so‘z boyligi ham oshib boraveradi. Nutq madaniyati, muloqot mezonlari borasida ustozlardan olgan bilimlarimiz bizga motivatsiya berdi. Ushbu o‘quv kursining tashkilotchilariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Nazarimda, o‘quv kursini bosqichma-bosqich va tizimli asosda tashkil etib borish kerak.

Norsoat Shaymardanov, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yig‘ma-tahlil boshqarmasi bosh mutaxassisi: 

– Malaka oshirish o‘quv kursi o‘z ustimizda ko‘proq ishlash lozimligini anglatdi. Huquq, xulq tushunchalari nutq tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Til imkoniyatlarini muloqot jarayonida qo‘llash bir tomon bo‘lsa, sohaviy bilimga ega bo‘lish ham eng muhim tomondir. Har qanday xodimning vertikal va gorizontal karerasi uning bilimi, odobi, xulqiy va nutqiy madaniyatiga bog‘liqligini tinglovchilar to‘la anglab yetishdi.

Firdavs Xayriddinov, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi:

– "Beshikdan to qabrgacha ilm izla", degan hadis bejiz emas. Dunyoda har kuni deyarlik barcha sohalar bo‘yicha yangiliklar oqimi kirib kelmoqda. Shunday ekan, barcha xabar va yangiliklardan boxabar bo‘lish davr talabi. Matbuot kotiblarining ushbu o‘quv seminarda ishtirok etishi juda manfaatli bo‘ldi. Tajribali jurnalist Karim Bahriyevning sohamizga oid yangiliklar va muammolar borasidagi mulohazalari diqqatimizni tortibgina qolmasdan, bilimimizni yanada boyitdi va mustahkamladi. 

Jamoliddin Qalandarov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Axborot xizmati rahbari:

– bugungi kunda axborotlarni yetkazuvchilarning ixtisosligi  bo‘lmasa ham, shu bilan mashg‘ul bo‘luvchilar ko‘payib ketdi. Agar bizda bilim bo‘lsa-yu biroq uni auditoriyaga yetkazib bera olmasak, xalqni aytayotgan gapimizga ishontira olmasak, hech qanday naf yo‘q, siljish ham bo‘lmaydi. Mazkur notiqlik darslari turli interfaol o‘yinlar, yangi texnologiyalar va malakali ustozlar bilan o‘tayotgani hammamiz uchun yaxshi. O‘ylashimcha, ushbu kurslarni nafaqat o‘rta bo‘g‘in, balki rahbarlar o‘rtasida ham joriy qilish kerak . bugungi kunda vazirmi yoxud boshqa mas’ul rahbarmi, bularda ham aholi bilan muloqotda bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlanayapti. Shuning uchun bunday yo‘sindagi mashg‘ulotlarni muntazam ravishda tashkil etib turishni maqsadga muvofiq deb bilaman.

Xullas, xoh boshqaruv tizimida, xoh ta’limiy-tarbiyaviy jabhada, xoh ishlab chiqarish, tadbirkorlik va liderlik sohasida bo‘lsin, muloqot va muomala jarayonidagi kommunikativ kompetentlik, nutq madaniyati va notiqlik san’ati doimo zarur. Kompetentlik darajasi yuqori bo‘lgan, xushmuomala davlat xizmatchisi rahbarlik qiladigan jamoada hamjihatlik, birdamlik va bardamlik hukmron bo‘ladi. O‘sha jamoadagina sog‘lom muhit, ish unumi, yakdillik, ijobiy ko‘rsatkichlar va samarali natijalar bo‘y ko‘rsatishi muqarrar.

Rahimboy JUMANIYOZOV,

Filologiya fanlari nomzodi, «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti