Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xushbo‘y va shifobaxsh xrizantema yetishtirilmoqda
08:42 / 2024-10-07

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Tamaddun mahallasida yashaydigan Muhabbat Eshbadalova tomorqasida xrizantema o‘simligini parvarishlab, turfa ranglarda tovlanuvchi gullaridan qo‘shimcha daromad olmoqda.

Nafis gul manzarali o‘simlik sifatida qadimdan Xitoy, Hindiston, Koreya va Osiyoning ko‘plab davlatlarida yetishtirilgan. Manbalarda bu o‘simlikni madaniylashtirish eramizdan avvalgi 551 yillarda Xitoyda boshlangani aytiladi. Keyinchalik Yaponiyada, XVII asrlarda Yevropa va XIX asrda Rossiyada yetishtirish udumga aylangan. Xrizantema o‘ta xushbo‘y iforga boyligi bilan ham gul shaydolarida katta qiziqish uyg‘otib keladi.    

Olimlarning aytishicha, xrizantema gullari nafaqat xushbo‘y balki, shifobaxsh xususiyatga ham ega. Kuz faslida terib olingan gullaridan tayyorlangan damlama va qaynatma ekzema, bo‘g‘imlar og‘rig‘i, poliartrit, artrozda, bod, diatez va immun tizimini davolashda qo‘llaniladi.  Xrizantema choyi buyrak shamollashini daf etishda ham yaxshi natija beradi. Xalq tabobatida xrizantema yog‘idan gipertoniya, nafas olish yo‘llarining shamollashi va bosh og‘rig‘ini pasaytirishda foydalanilgan.  

– Xrizantemaning shaydolari ko‘p ekan, – deydi Muhabbat Eshbadalova. – Kuzga kelib, nafis gullar turfa ranglarda jilolanmoqda. Ularning o‘z xaridori bor. Uni mehr bilan parvarishlab, ro‘zg‘orimizga daromad olib kelyapmiz. Farzandlarimiz ham bo‘sh vaqtlarini o‘simlik parvarishi bilan o‘tkazib, mehnatga o‘rganmoqda.  

Mo‘’jazgina tomorqasining uch sotixini iforli xrizantema bilan bezagan Muhabbat Eshbadalova kelajakda gulchilikni yanada rivojlantirishni mo‘ljallamoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri