O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan adibning ko‘p yillik ijodiy bisotidan saralab olingan, kitobxonlar ko‘nglining zabt etgan “Erta bahor”, “Jajman”, “Qoyalardan balandda”, “Jim o‘tirgan odam”, “Qichqiriq”, “Muhtaram jallod janoblari” kabi hikoyalari, “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik”, “Uch qo‘shiq”, “Kuza”, “Katta ko‘cha” singari qissalari, shuningdek, “Bozor”, “Donishmand Sizif”, “Joys” kabi romanlari joy olgan.
Xurshid Do‘stmuhammad zamonaviy o‘zbek nasrini yangi shakl-uslub va tasviriy izlanishlar bilan o‘ziga xos tarzda boyitayotgan yozuvchilardan. Uning asarlari odatdagi an’anaviy hikoya, qissa, romanlardan farq qiladi. Bir qarashda tushunilishi ancha murakkabdek tuyuladi. Hazm qilolmayotgandek bo‘lasiz. Ammo adib asarlari ruhiga kirib olgach, mazza qilib o‘qiysiz.
Asar qahramonlari bilan birga yashaysiz, og‘ir damlarida ruhingizda kimdir burov solayotganini yaqqol his qilib turasiz.
Xurshid Do‘stmuhammad jahon va milliy adabiyotimiz an’analarini o‘quvchiga yuksak badiiyat ila uyg‘unlashtirib, taqdim eta oladigan yozuvchi.
Muallif o‘zi haqida shunday yozadi: “... Nima sababdan odamlar nizolashadilar, janjallashadilar, kelisholmaydilar? Nahotki, murosa yo‘li shunchalar yiroq bo‘lsa?!
Bu kabi savollarga yechim topolmay, ich-etimni yeb yuraman. Shaxsan o‘zimga daxli bo‘lmagan kelishmovchilik ham menga og‘ir botadi, iztirob chekaman.
Hamisha “mag‘lublar”. “zaiflar” tomonini oldim. Qanday bo‘lmasin, xoh oilada, xoh ko‘chada “mazlumlar” himoyachisiga aylanrdim. Qutqarmachoq o‘yini menga boshqa o‘yinlardan ko‘ra zavqliroq tublardi. Qo‘y-qo‘zi, parranda, kuchukcha boqishni yaxshi ko‘rardim.
Menda dunyoni badiiy idrok etish istagi – qalam tutish ishtiyoqi ana shu achinish, hamdardlik, qayg‘udoshliu, mehr-shafqat tuyg‘usidan boshlanmadimikan?..”
“Badiiy adabiyot o‘zi topgan, kashf etgan, yaratgan norealliklari, g‘ayrirealliklari bilan hayot realligini mudom ma’no-mazmunga to‘ldirib turadi, uni shakllantiradi, rivojlantiradi, unga joziba baxsh etadi. Uni yo‘lga ham soladi. Badiiy tafakkur mo‘’jizasi millat, xalq, Vatan mo‘’jizasidan qadimiyroq, sehrliroq, sinoatlarga boyroq. Qimmatroq! Adabiyotning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini keng omma ongiga chuqur singdirib borish – vatan, xalq, jamiyat haqida, umummilliy did-saviya haqida qayg‘urish demakdir”. Bu qarashlar muallifi ham adib Xurshid Do‘stmuhammad.
Benazir adib Xurshid Do‘stmuhammadning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing. U ruhiy dunyongizga qishdan keyingi ko‘klam epkilarini olib kirishiga shubha yo‘q.
A.Narzulloyev, O‘zA