Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xurshid Davron: “Tanlangan asarlar”
10:16 / 2026-01-22

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli adib va muarrix Xurshid Davronning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Kitobdan adibning turli davrlarda yozgan erk va ozodlik haqidagi she’rlari, “Shahidlar shohi yoxud Shayx Najmiddin Kubro tushlari” nomli qissasi, “Amir Temur pirlari”, “Mirzo Bobur pirlari” “Bosqinchilik qahramonlik bo‘ladimi?” kabi esse va maqolalari joy olgan.

Kitobga pedagogika fanlari doktori, taniqli adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshev hamda filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Yo‘ldoshevalar “Erk va g‘urur kuychisi” nomli salmoqli so‘zboshi yozgan. 

– Xurshid Davron va unga tengdosh ijodkorlar adabiyot oldamiga kirib kelgan o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida adabiyot badiiyat chechakzori emas, turfa qarashlaru tuyg‘ular olishayotgan jang maydoni edi, deya yoziladi so‘zboshida. 

Xurshid Davron bu maydonda ovozini baralla qo‘yib zo‘r shiddat, jo‘shqinlik bilan erk, ozodlikni kuylashga chog‘langan shoirlarning oldingi saflarida turardi. Uning 1983 yilda yozilgan “Samarqanddagi ozodlik haykali qoshida o‘ylar” she’ri shoir tanlagan yo‘l, asl maqsadni anglatib turadi.

Ozodlik!

Madad ber navqiron dilga,

Kuy bergin, bo‘g‘zimni to‘ldirib olay.

Qudrat ber, bag‘ishlay yurakni elga,

G‘azab ber, men uni solayin she’rga!

She’rning mantig‘iga ko‘ra, chinakam odam tiz cho‘kib kechirilgan umrni hayot hisoblamaydi. Odam uchun tiz cho‘kib yashash o‘limdan og‘ir, birgina narsa – ozodlikka tiz cho‘kish mumkin, xolos:

Bobolar qoshida tiz cho‘kib o‘lgan,

Ular faqat senga tiz bukkan, xolos!

Xurshid Davronning aksariyat she’rlarida  ozodlik nafasi, vatan harorati, tarix saboqlari aks etib turganiga guvoh bo‘lasiz. Bugunning yaxshiroq kechirilmog‘i, ertaning mukammal qurilmog‘i uchun tarixni bilish va undan saboq olish lozimligini shoir shunday ifodalaydi: 

Buguningni o‘ylasang agar

Yer ag‘darib ter to‘k, bug‘doy soch – 

Unib chiqar, albatta, sahar.

Ertani ham o‘ylasang agar,

Bog‘ yaratgin, yillar o‘taru

Yuksalar bog‘ – bepoyon, zafar.

Kelajakni o‘ylasang agar,

Unib-o‘stir bolalaringni,

Kurashmoqni o‘rgansin ular...

Xurshid Davronning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA