Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi kurashishning qonuniy asosi ortmoqda
15:26 / 2019-10-09

Tashqi iqtisodiy faoliyat iqtisodiyotning eng tez o‘zgaruvchan qismi bo‘lgani har bir davlatning erkin savdo siyosati doimiy ravishda unga moslashtirib borilishini taqozo qildi.


Tashqi iqtisodiy faoliyat iqtisodiyotning eng tez o‘zgaruvchan qismi bo‘lgani har bir davlatning erkin savdo siyosati doimiy ravishda unga moslashtirib borilishini taqozo qildi.

Iqtisodiyot nazariyasiga ko‘ra, soliq yuki – bu umumlashtiruvchi ko‘rsatkich bo‘lib, soliq yig‘imlari umumiy summasining yalpi milliy mahsulotga nisbati bilan aniqlanadi.

Amerikalik iqtisodchi A.Lafferning soliq yuki to‘g‘risidagi “egri chiziq” nazariyasining iqtisodiy mohiyati shundaki, unga ko‘ra, soliq yukining pasayishi xususiy sektorning investitsiya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Soliqlar miqdorining oshishi xufiyona iqtisodiyotning o‘sishiga olib keladi. Oqibatda olingan daromaddan budjetga soliq tushumi kamayadi.

Ushbu mutaxassisning qayd etishicha, soliq yukining darajasi 30 foizgacha bo‘lganda davlat budjetining daromad qismi yaxshi (qulay) shakllanadi.

O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotning ko‘lami YaIMga nisbatan 40-50 foiz orasida o‘zgarib turadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda xufiyona iqtisodiyotning o‘rtacha darajasi 17,2 foizni tashkil qiladi. Ammo bu ko‘rsatkich turli mamlakatlarda farq qiladi. Masalan, eng past ko‘rsatkich Shveysariyada 8,6 foiz, Xitoyda 12,9 foiz, Rossiyada 43,6 foiz bo‘lib, bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Boliviyada 66,4 foizni tashkil etadi.

Klassik nazariyachilar namoyandasi bo‘lgan Adam Smitning fikricha, soliq yukining pasayishidan davlat ko‘proq yutadi. Ya’ni soliq yuki pasayishi bilan xo‘jalik sub’ektlarida ko‘proq mablag‘ qoladi, ularni ishlab chiqarishga, kengaytirishga sarflash asosida yanada ko‘proq daromad olinadi va budjetga qo‘shimcha daromad tushadi.

Mamlakatimizda soliq yuki yildan yilga pasayib bormoqda, jumladan, sof soliq yuki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1991 yilda 45 foiz, 2000 yilda 40 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib 20 foizni tashkil qildi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi natijasida mehnatga haq to‘lash fondiga umumiy soliq yuki 2019 yilda 30 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda bojxona to‘lovlari sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017 yil 1 oktabrdan boshlab qo‘llanilishi belgilangan bojxona boji bo‘yicha yangi stavkalar joriy etilishi natijasida bojning o‘rtacha arifmetik hisobi amaldagi 16 dan 6,5 foizga yoki 2,5 barobarga pasaygan bo‘lsa, aksiz solig‘iga tortiladigan 2 ming 700 ta tovar pozitsiyalaridan 1 ming 500 dan ortig‘iga aksiz solig‘i stavkasi “0” stavka miqdorida belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablaridan kelib chiqib, import bojxona boji hamda aksiz solig‘i stavkalari yanada unifikatsiya qilindi.

Natijada joriy yil 1 yanvardan boshlab import tovarlar uchun bojxona bojining amaldagi stavkalari qariyb 1,5 barobarga kamaygan bo‘lsa, aksiz solig‘iga tortiladigan jami 1 ming 530 ta tovar pozitsiyalaridan 778 tasiga aksiz solig‘i stavkasi “0” stavka miqdorida belgilandi. Natijada 752 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha 70 foizgacha bo‘lgan stavkalar yanada qisqartirildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarish uchun zarur xorijiy uskunalar va butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni olib kirish uchun qulay sharoit yaratish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh yuqori sifatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning dastlabki 8 oyida undirilan bojxona to‘lovlari 9 milliard 883,8 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar 39 milliard 504,6 millon so‘mdan ortib ketdi.

Yuqorida soliq yuki to‘g‘risidagi fikrlarni hisobga olib shuni aytish mumkinki, mamlakatimizga import qilingan tovarlarga nisbatan soliq yuki undirilgan boj va soliqlarning jami import tovarlar qiymatiga nisbatini olish maqsadga muvofiq. Mazkur qoida asosida mamlakatimizda so‘nggi 5 yildagi import hajmida soliq yukini tahlil etganimizda, haqiqatdan ham bojxona to‘lovlari bo‘yicha soliq yukining 2014 yilda 17,6 foizdan 2018 yilda 12,7 foizga (qariyb 1,4 barobar) pasayishi bojxona to‘lovlaridan tushumning 2014 yilda 5 714,0 milliard so‘mdan 2018 yilda 11 487,9 milliard so‘mga (yoki 2 barobar) ortishiga sabab bo‘lgan.

Yuqoridagi tahlillar bojxona to‘lovlaridan jami tushumning umumiy import hajmiga nisbati bo‘yicha hisoblangan. Bu yerda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat shundaki, ba’zan ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida ayrim xomashyo tovarlari va texnologik asbob-uskunalarga bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilishi sababli bojxona to‘lovlari tushumi pasaysa-da, mamlakat ichida ishlab chiqarish rivojlanishi va kengayishi natijasida ichki soliqlardan davlat budjetiga tushumlar ortishi kuzatiladi.

Oxirgi ikki yilda mamlakatimizda barcha sohalar kabi soliq va bojxona sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soliq va bojxona sohasida olib borilayotgan islohotlarda navbatdagi qadam bo‘ldi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 oktabridan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.

Bugungi kunda bojxona to‘lovlaridan davlat budjetiga tushumlar tarkibida QQSning ulushi 70-75 foizni tashkil etayotganini hisobga olganda, ushbu o‘zgarish tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlarida ko‘proq mablag‘ qolishiga, bu orqali ishlab chiqarishni kengaytirish tufayli yanada ko‘proq daromad olishiga imkon yaratdi. Albatta, bu sa’y-harakatlar orqali budjetga qo‘shimcha daromad tushib, tizim yanada rivojlanadi.

Zokirjon MAKKAMOV,
Davlat bojxona qo‘mitasi
Bojxona instituti katta o‘qituvchisi