Prezidentimiz tashabbuslari bilan aholiga ko‘rsatilayotgan jarrohlik yordamining samaradorligini oshirish, olis hududlarda kam invaziv va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan operatsiya turlarini keng joriy etish, shuningdek, xirurgiya yo‘nalishidagi tibbiyot kadrlarining malakasini oshirish borasidagi vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli Xovos tuman tibbiyot birlashmasida yangi laparoskopik uskuna ishga tushirildi.
Avval bunday tibbiy muolajalar faqat viloyat markazida amalga oshirilar edi. Bugun esa ushbu xizmatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tumanda tashkil etilgani aholiga katta yengillik yaratdi. E’tiborli jihati shundaki, bu uskuna yordamida tuman shifokorlari tomonidan 54 ta laparoskopik xoletsistektomiya, 1 ta diagnostik laparoskopiya hamda 2 ta oyoq amputatsiyasi kabi yuqori texnologiyalarga asoslangan jarrohlik muolajalari muvaffaqiyat bilan bajarildi.

– Ilgari bemorlar viloyat markaziga qatnashlariga to‘g‘ri kelar, navbat kutish, ovoragarchilik, hatto moliyaviy imkoniyatning cheklangani tufayli amaliyotdan voz kechish holatlari ham kuzatilar edi. Hozir esa shifoxonamizga zamonaviy jihozlar keltirilib, o‘sha murakkab amaliyotlarni o‘zimiz bajarayotganimiz fuqarolarga katta qulaylik yaratdi, – deydi Xovos tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Maqsatulla Narzullayev.

Laparoskopik uskuna muassasaning ichki mablag‘lari hisobidan sotib olingan bo‘lib, operatsiyalarni amalga oshirish uchun ikki nafar shifokor maxsus qayta tayyorlov kurslaridan o‘tib, amaliyotga jalb etildi. Operatsiyadan keyingi tiklanish jarayonlari tibbiyot birlashmasi qoshidagi xirurgiya bo‘limida yo‘lga qo‘yildi. Biroq ayrim to‘siqlar ham yo‘q emas – xususan, fizioterapiya uchun mo‘ljallangan jihozlarning yetishmasligi davolash jarayonida muayyan cheklovlarga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi kunda tumanda kompyuter tomografiyasi (MSKT) va magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) kabi muhim tibbiy uskunalarning mavjud emasligi dolzarb muammo sifatida saqlanib turibdi. Bu borada tegishli taklif va tashabbuslar ishlab chiqilgan bo‘lib, amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Yaqin istiqbolda esa Sirdaryo viloyatining eng olis nuqtalaridan biri – Xovos tumanida endourologiya, angioxirurgiya va proktologiya yo‘nalishidagi operatsiyalarni ham joriy etish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish hamda texnik infratuzilmani mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Maqsatulla Narzullayevning ta’kidlashicha, bajarilayotgan amaliyotlar qog‘ozda emas, balki real hayotda ko‘zga ko‘rinayotgan natijalar bilan tasdiqlanmoqda. Har bir operatsiya rasmiy hisobot va nazorat orqali qayd etilishi natijasida aholi orasida ishonch mustahkamlanmoqda.
Eng asosiysi, mazkur yangilik keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholandi. Chunki bu xizmatlar fuqarolarni viloyat markaziga qatnab yurish mashaqqatlaridan xalos qilib, o‘z hududida sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini beradi.
– Bizning bosh maqsadimiz – odamlarni viloyat markaziga qatnab yurish zaruratidan ozod qilib, o‘z tumanida yuqori malakali tibbiy xizmatdan bahramand etish. Bu yo‘nalishda jamoamiz sidqidildan mehnat qilmoqda. Ishonamanki, bu orqali sog‘liqni saqlash xizmatlarini yanada aholiga yaqinlashtiramiz, – deydi bosh shifokor.
Xulosa qilib aytganda, Xovos tumanida tashkil etilgan yuqori texnologiyali va kam invaziv operatsiyalar orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri