French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xovosda yo‘l infratuzilmasi yangilanmoqda
14:54 / 2025-10-13

Xovos tumanida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning 9 oyida 8 milliard so‘mga yaqin ishlar amalga oshirildi. Bu haqda tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarining 126 kilometrida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 86 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 58 kilometrda yo‘l chiziqlari va 12 ta piyodalar o‘tish joyiga chiziqlar tortilgan.. Bu ishlar aholining xavfsiz va qulay harakatlanishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega A-376 “Qo‘qon–Jizzax” yo‘lining 40 kilometrida 14 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 23 kilometrida chiziqlar yangilandi. Haydovchilarni ogohlantirish maqsadida ikki nuqtada shovqin chiqaruvchi chiziqlar tortildi. Yo‘ldagi nuqsonlarini bartaraf etish uchun 570 million so‘m, saqlash ishlariga esa 465,9 million so‘m sarflangan.

Bundan tashqari, M-34 “Toshkent–Dushanbe” yo‘lining 20 kilometrida 33 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 5 kilometrida chiziqlar yangilandi. Haydovchilar ehtiyotkorligini oshirish maqsadida 2 ta joyda shovqin chiqaruvchi chiziqlar tortilib, 30 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Yo‘llarning qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham nazardan chetda qolmagan — bu yo‘nalishda 27,3 million so‘mlik ishlar bajarildi.

Davlat ahamiyatidagi D042 “Yangiyer – Paxtakor – D050” yo‘lining 21 kilometrida 12 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 120 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, M-34 “Toshkent–Dushanbe” trassasining 125–131 (139–145) kilometr qismida yo‘lni qayta qurish bo‘yicha 2,4 milliard so‘mlik ishlar bajarilgani qayd etildi.

Bundan tashqari,  Yangiyer shahridagi 10 ta ko‘chada (4,3 km) 1,87 milliard so‘mlik asfalt qoplamasini yangilash ishlari, Xovos tumanidagi 36 ta ko‘chada (16,6 km) esa 5, 75 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Anjumanda jurnalist va blogerlar yo‘llarning sifat nazorati, xavfsizlik va qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha savollar berishdi. Shundan so‘ng, mutasaddilar ishtirokchilarni  yo‘llarni raqamli monitoring qilish va xavfsizlik tizimini takomillashtirishga oid rejalar bilan tanishtirishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri