O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimligi hamkorligida universitet talabalari hamda mazkur tuman o‘quvchi-yoshlari ishtirokida «Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi ko‘hna maskan jozibasini targ‘ib qilamiz!» shiori ostida Xovos turizm forumi o‘tkazildi.
Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2024 yil 18 iyuldagi “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.


Unda universitet rahbarlari, talaba-yoshlari, Xovos tumani hokimligi hamda mazkur tumandagi turizm sohasida faoliyat yuritayotgan mas’ullar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.
Xalqaro forumdan ko‘zlangan maqsad Sirdaryo viloyati Xovos tumani turistik ob’ektlarining jozibadorligini namoyish etish, tarixi va etnografiyasini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy monografiyalar yaratish va ularni keng jamoatchilikka targ‘ib etish, shuningdek, mahalliy va chet ellik sayyohlarning ushbu qadamjolar va turistik ob’ektlarga qiziqishini oshirishdir.


Shuningdek, mazkur turizm forumi doirasida universitet olimlari tomonidan “Ziyorat turizmi etnografiya ko‘zgusida (Sirdaryo va Jizzax viloyatlari misolida)” hamda “Sirdaryo viloyati Xovos tumanida mehmonxonalar xizmati va gastronomik turizmni rivojlantirish imkoniyatlari” mavzularida turizmni rivojlantirishga oid seminar-trening o‘tkazildi.


Seminar-treningda istiqbolda turizm sohasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Mazkur turizm forumi doirasida Sirdaryo viloyati Xovos tumani turistik ob’ektlari va ziyoratgohlariga sayohat uyushtirildi.
G‘. Primov, O‘zA