Sirdaryo viloyati Xovos tumanida zamonaviy “Aqlli qishloq” pilot loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshiriladi.
Xovos tumanidagi “Aqlli qishloq” pilot loyihasi bir necha muhim yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Avvalo, Husnobod, Binokor, Paxtakor, Bo‘ston va Qahramon kabi mahallalarida zamonaviy “smart qishloq” infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan. Buning natijasida aholi uchun qulayliklar kengayib, qishloq hayoti yanada osonlashadi.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi yechimlari joriy qilinadi. Bu esa yerdan samarali foydalanish, suv va resurslarni tejash hamda hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Pilot loyiha mahallalarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan. Yoshlar va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda, bu esa turmush darajasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Loyiha iqtidorli yoshlar va mahalliy mutaxassislar uchun zamonaviy bilim va malaka oshirish imkoniyatlarini ham taqdim etadi. Shu tariqa, mahalliy aholi va yosh avlod qishloq hayotida faol ishtirok etishga, yangi texnologiyalardan samarali foydalanishga o‘rgatiladi.
Bu boradagi ishlar kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari Ulug‘bek Xusainov va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Laura Mattioli o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda tomonlar loyihani amalga oshirish orqali davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yechimlardan keng foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Shuningdek, davlat xizmatchilari va talabalar uchun stajirovkalar tashkil etish masalasi ham belgilandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri