Xovos tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda keng muhokama etildi. Tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va soha rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish doirasida iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlari — sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda 2025 yil uchun belgilangan rejalar batafsil taqdim etildi. Hisobotlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadini oshirishga qaratilgan harakatlar alohida ta’kidlandi.

Muhokamalarda ayniqsa “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasidagi ishlarga e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, “Qahramon” va “Gulbahor” mahallalarining kompleks rivojlanishi uchun Respublika byudjetidan 10 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Mablag‘lar hisobidan obodonlashtirish ishlari, zamonaviy xizmat va ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etish, shu orqali aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi taqdim etilgan rejalarni ma’qullar ekan, barcha ishlar “raqamlar uchun emas, balki odamlar hayotida sezilarli samara berishi lozim”ligini ta’kidladi. U mahallalarda qurilayotgan har bir ob’ekt aholi daromadining o‘sishi, yoshlarning kasb o‘rganishi va mahallaning iqtisodiy barqarorligiga xizmat qilishi kerakligini uqtirib, mas’ullarga aniq vazifalar berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri