English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xovos tumani umumta’lim maktabidagi ta’mirlash ishlari o‘rganildi
12:39 / 2023-07-13

Mamlakatimizda o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning taklifi bilan bir guruh viloyat Kengashi deputatlari, OAV xodimlari Xovos tumani, “Yettiguzar” MFYda joylashgan 12-sonli umumta’lim maktabidagi ta’mirlash ishlarini o‘rgandi. Qariyb 6 gektarga yaqin yer maydoni bo‘lgan ushbu maktab 1978 yilda barpo etilgan, uning 3 ta katta korpusi, oshxona, sport zali, 144 o‘rinli faollar zali hamda xonalari, foyelari yaqin yillar mobaynida ta’mirlanmagan edi.

O‘quvchilar soni 1076 nafar bo‘lgan maktabning 3-korpusi o‘ta ta’mirtalab bo‘lganligi sababli devor bilan vaqtincha to‘sib qo‘yilgan. Ushbu maktab ta’miri uchun 7 milliard 448 million so‘m miqdorida pul ajratildi. Qurilish ishlari yilning 10 iyul kunidan “SERVIS TEXNOLOGIYA STABILNOST” MCHJ pudratchi tashkilot tomonidan boshlab yuborilgan. Maktabning eski oyna-romlari, pol va eshiklari hatto devorlarini ham zamonaviy, talabga javob beradigan, issiqda salqinni, qishda esa issiqlikni maromida ushlab turadigan qilib, o‘quv yilining boshlanishiga qadar ta’mirlash rejalashtirilgan. Hozirda elikka yaqin ishchilar o‘z faoliyatlarini olib bormoqda. "Maktabning oynalari juda kattaligi sababli qishda issiqlikni ushlab turmasligi mumkin. Shuning uchun ularni zamonaviylari bilan almashtirmoqchimiz. Maktab hovlisida suv bo‘lmagani bois quruvchilar suv chiqarib beradi. Bundan tashqari, o‘quvchilarga qulaylik tug‘dirishi uchun ichkariga ham sanuzel, hojatxonalar qilishni smeta loyihasiga kiritganmiz. Maqsadimiz yosh avlodni hech qanday qiyinchiliklarsiz, zamonaviy ta’lim olishini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shishdir" deydi Sanjar Po‘latov.  

Sirdaryoda ko‘plab maktablar qayta ta’mirdan chiqarilishi to‘g‘risida viloyat hokimi qarorlari chiqarilgan. Qurilishning qay darajada olib borilayotganini nazorat qilish, bu ishlarda hokimlikka yaqindan ko‘mak berishda jurnalistlar ham faol ishtirok etmoqda.    

Xurshida Nishonova, 

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim boshlig‘i