Xovos tumanida tarixiy meros, turizm va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlarni ochishga qaratilgan yirik forum bo‘lib o‘tdi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda olimlar, arxeologlar, turizm mutaxassislari, talabalar, umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar dastlab 2700 yillik tarixga ega eksponatlar saqlanayotgan “O‘lkashunoslik” muzeyiga tashrif buyurdilar. U yerda O‘z MU olimlari tomonidan yaratilgan “Xovos turizmi” burchagi taqdim etildi. Shuningdek, Eski Xovos shaharchasi, Toltepa arxeologiya yodgorligi, Sadu-Siad, Sher bobo, Yusuf bobo va Bibi hadicha ziyoratgohlariga sayohat uyushtirildi.

Shundan so‘ng, forumda Xovosning boy tarixiy merosi va madaniy qadriyatlarini turizm va ta’lim bilan uyg‘unlashtirish, arxeologik tadqiqotlar natijalaridan samarali foydalanish, infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Forumning ilmiy qismida “Xovos – Buyuk ipak yo‘li chorrahasida muqaddas qadamjolar maskani”, “Xovos – tarix va tabiat uyg‘unligi”, “Xovos: milliy meros va zamonaviy turizm” mavzularida seminar-treninglar o‘tkazildi. Arxeologik topilmalar taqdim etildi, tarixiy ob’ektlarni muhofaza qilish va ularni turizm yo‘nalishlariga jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, “Yoshlar ko‘zi bilan Xovos” mavzusida insholar tanlovi, rassomchilik va ijodiy ishlar ko‘rgazmasi, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitoblar ko‘rgazmasi va aksiyasi, talabalar va o‘quvchilar bilan ochiq muloqot, mahorat darslari tashkil etildi.

Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Xovos nafaqat tarixiy izlar va qadimiy merosga, balki zamonaviy ta’lim va turizm salohiyatiga ega maskan sifatida katta istiqbolga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri