English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotirangiz abadiy qalbimizda
13:52 / 2022-05-10

Yozuvchi-shoirlar asar yozar ekan albatta, o‘z asarlarida ota-bobolarining o‘gitlarini kiritadi. Ulardan eshitgan jonli xotiralarini o‘quvchiga yetkazadi. Zero, voqea va hodisaga guvoh bo‘lgan bobolarning aytmishlari tabiiy, yolg‘ondan xoli bo‘ladi.

Bobosi urushda qatnashgan nabiralarda urush haqida taassurot paydo bo‘ladi. Chunki bobolar nabiralariga urush haqida, qahramonligiyu, janggohlardagi kechmishlari haqida so‘zlab bergisi keladi.  

O‘zA muxbiri bobolari Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ijodkorlardan xotiralarini yozib oldi. 
 
Tozagul Jumanova (yozuvchi):  
 
– Bobom Mamayoqub Ismoilov 1921 yil 9 mayda Samarqand viloyatida tavallud topgan. 1939 yil uch yillik harbiy xizmatni o‘tash uchun armiyaga ketgan. Xizmat muddati tugamasdan 1941 yil Ikkinchi jahon urushi boshlanib, bobomni frontga yuborishgan. 

Bobom avvaliga Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va Germaniyadagi urushlarda mardonavor jang qilgan. 1943 yil o‘rtalarida portlash oqibatida bobomning o‘ng yelkasiga mina parchalari kirib, og‘ir tan jarohat olib Toshkentga gospitalga davolanish uchun yuborilgan. 1944 yil boshlarida bobom sog‘lig‘i tiklangach, o‘z xohishi bilan yana frontga qaytgan va urushda ishtirok etgan. 1945 yil g‘alabadan so‘ng ham bobomni mudofaa uchun chegarada olib qolishgan. 1946 yil Vataniga qaytgan. 



Urushdan qaytgach, Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini tamomlab, turmush qurgan va o‘z kasbiga fidokorlik bilan mehnat qilgan. Xalqning hurmatiga sazovor bo‘lgan.  
 
Urushdan keyin ko‘plab unvon, ordenlar bilan taqdirlangan. Bobom kamtarin inson bo‘lganligi uchun mukofotlari, yutuqlari haqida ko‘p gapiravermasdilar. Lekin Jizzaxga mehmon bo‘lib borganlarimizda bobomni yoshu qari hurmat qilib, qo‘llari ko‘ksida, to‘rdan joy ilinishardi. O‘shanda bolalarcha shunday bobom borligidan faxrlanardim. Bobom juda kamgap, kamtarin, yetti o‘lchab bir kesadigan donishmand inson edi. 

Nafaqaga chiqqach, yaqin qarindoshlari, aka-ukalari Samarqandga qaytishini juda istashgan. Lekin bobom Jizzax zaminini, dalalarini, ekinzorlarini tashlab ketolmagan. Bobom har doim bu yerning tuprog‘i men uchun aziz va muqaddas, tashlab ketolmayman deb, lo‘nda javob berardi.  

Bobom 2000 yil 79 yoshda o‘zi mehr qo‘ygan, qalb qo‘riday aziz bo‘lgan tuproqda – Jizzax viloyatida vafot etdi va Do‘stlik tumaniga dafn etildi.  

Mustaqillikka erishgach, bobomning mehnatlari qadrlanib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. Bobom 4 o‘g‘il va 4 qizni yurtga kerakli, jamiyatga foydasi tegadigan, o‘zi kabi mehnatkash, oqko‘ngil, fidoyi inson qilib tarbiyalagan. 

Men shunday fidoyi va yurt vijdoni bo‘lgan, Vatani uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lgan buyuk insonning nabirasi ekanimdan faxrlanaman. Bobom bizlarga hozirgi mustaqillik, tinchlikning qadriga yetishimiz kerakligini bot-bot takrorlardi. Bobomning bizga qilgan o‘gitlarini hech qachon unutmayman.  

Mirzo Ozod Mirzone’matov (shoir): 

– Bobom – Ahmadjon Tojiboyev urushgacha bo‘lgan ocharchilik zamonini gapirib berardi. Ochlikdan xor-zor odamlarning holatini tasvirlab berar ekan, tinchlik va farovonlikning qadriga yetishni uqtirardi. 

Bobom urushda bir yil bo‘lgan. Yurtga qaytgandan so‘ng ham qariyb 50 yil dalada mirobchilik qilgan. Bobomni yo‘qlab uyimizga hokimlikdan mutasaddilar, jurnalistlar kelishganda bobom xursand bo‘lib ketardi. Ko‘zlariga yosh olardi. Bizni yo‘qlaguvchilar bor ekan-ku, bizning urushdagi chekkan zahmatimizni munosib taqdirlayapti, deya xursand bo‘lardi. 

Bobom birovning dilini og‘ritmagan. Shuning uchun ham qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bobomni yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Bobomni sog‘inaman. Bobomni qumsayman. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, barcha qahramonlarimizni.  
 
Madina Norchayeva(shoira):  
 
– Bobom (Ochil bobo Hoshimov)ni harbiy xizmatdan to‘g‘ri o‘qishga olib qolishgan. Shu bilan urush tugab ortga qaytgunicha oradan qariyb o‘n yilga yaqin vaqt o‘tib ketgan. Men bobomning eng kichik nevaralari safida edim. Bobom olamdan o‘tganda sakkiz yosh bo‘lganman. Hech urush haqida gapirganini eslolmayman.  

Bobom qo‘y boqishga bizlarni navbat bilan olib chiqar edi. Adir bo‘ylab yoyilgan suruv, yerdagi miltiq chechaklar hali ham ko‘z o‘ngimda qolgan. O‘sha gullarning nomlarini bizga bobom o‘rgatgan. Nevaralarini qo‘y boqishga olib chiqqanida, ko‘pincha doston aytib berar edi. 
 


O‘zA muxbiri 
D.Mamatova  
yozib oldi.