Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotira va qadrlash har birimizning ezgu ishlarimizda oʻz aksini topadi
14:47 / 2024-05-08

Xotira bor ekan millat barhayot. Bugungi yorug‘ va musaffo osmon, osuda hayotimizni ta’minlash yo‘lida bukilmas iroda hamda jasorat namunalarini ko‘rsatib, yurt tinchligi uchun jon fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonatlari aslo unutilmaydi.

9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqaruv apparatida o‘tkazilgan ma’naviy tadbir ham, urush yillarida qahramonlarcha halok bo‘lgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etishga bag‘ishlanib, unda xalqimizning jang maydonlari va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati hamda matonatini tarix sahifalariga muhrlash maqsadida tasvirga olingan “O‘zbek qizi” badiiy filmi ijodkorlari ishtirok etdilar.

DXX Chegara qo‘shinlari, Kinoarbob uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir davomida so‘z olganlar olovli janggohlarda o‘z sabr-bardoshi va metin irodasini namoyon etgan holda tinchlik uchun kurashgan jasur jangchilarning yorqin xotirasi mangu yashashini, suronli yillarda front ortida fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan mehnatkash xalqimizning sabr-bardoshi esa har qancha e’tirof va tahsinga sazovor ekanini ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushida qatnashib, mardonavor jasorat ko‘rsatgan Zebo G‘aniyeva, Muqaddam Ashrapova, Ro‘za Ibragimova, Sharofat Ishanto‘rayeva va Rahima Alimova kabi minglab o‘zbek ayollariga bag‘ishlangan “O‘zbek qizi” filmi ham yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, uning shonli o‘tmishi bilan tanishtirish borasida muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.

 

Kinorejissyorlar Akbar Bekturdiyev va Bahriddin Aynazarovlar filmni tasvirga olish jarayonida foydalanilgan manbalar, tarixiy faktlar va urush xronikalarining o‘rganilgani, taniqli kinoshunoslar hamda harbiy soha mutaxassislarining maslahatlariga tayanilgani xususida so‘z yuritgan bo‘lsalar, aktyorlar Aysanem Yusupova, Feruza Saidova va Husan Alijonovlar tarixiy-harbiy janrdagi filmda suratga tushish birmuncha mashaqqatli bo‘lgani, buning uchun ulardan katta tayyorgarlik talab etilganini gapirib berdilar.

  • Kino san’ati – ko‘plab san’at turlarini o‘zida mujassam etgan sintetik san’at turi hisoblanadi. Biz ijodiy jamoamiz bilan birgalikda film voqealarini imkon qadar real vaziyatlarga mos holda tasvirga olishga harakat qildik. Menimcha jang sahnalari juda ishonarli chiqqan. Bunday filmlarni tasvirga olish va yurtdoshlarimizga namoyish etib borishimiz kerak. Chunki, kelajak avlod o‘tmishni, tinchlik uchun fido etilgan jonlarning zahmatini nechog‘lik yaxshi bilsa, bugunni qadrlashni, osoyishtalikning qiymatini yanada teranroq anglashni o‘rganadi. 
    Shu ma’noda ayni damda o‘tkazilayotgan davra suhbati ham juda katta ahamiyatga ega, - deydi film postanovkachi rassomi Akmal Saidov.

Ijodiy jarayonlar haqidagi savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan suhbat davomida, Chegara qo‘shinlari ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va o‘zbek milliy raqslari ham yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

Tadbirda, mustaqillik yillarida o‘z xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan qahramon o‘g‘lonlarning jasorati ham yod etilib, barcha fidoyilar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlangan holda hurmat bajo keltirildi.

Shundan so‘ng, “O‘zbek qizi” filmining namoyishi boshlandi. Ta’kidlash kerakki, urushning vayronkorligi-yu, dahshatini namoyish etib bergan ushbu film, barchani birdek to‘lqinlantira oldi. 

– Juda qattiq ta’sirlandim. O‘zbek qizining ko‘rsatgan jasorati ishonarli tarzda aks ettirilgan. O‘zim ham harbiyman va bunday matonatli ayollarimizning qahramonliklari biz uchun katta ibrat. Albatta, tinchlik, ozodlik va or-nomus uchun to‘kilgan qonlar, berilgan jonlar aslo izsiz ketmaydi. Ularning ruhi, shon-sharafga burkangan ezgu ishlari tildan tilga, dildan dilga o‘tib, bizga hamisha kuch-madad, shijoat va ilhom bag‘ishlayveradi,  –  deydi mayor Sadoqat Shomurodova. 

Shu kuni mehmonlar Chegara qo‘shinlari tarixi muzeyida ham bo‘lib, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kecha va bugunni qiyosiy taqqoslovchi eksponatlar hamda tarixiy ashyolar bilan yaqindan tanishdilar.

Mayor Farida Bobojonova

DXX Chegara qo‘shinlari