Ikkinchi Jahon urushi davrida fashizm ustidan qozonilgan ulkan g‘alaba minglab qurbonlar evaziga qo‘lga kiritilishida katta fidoiylikni talab etdi va bu xalqimizning irodasini chin ma’noda sinovdan o‘tkazgan.
O‘zbek xalqining baynalmilal tafakkuri urush davrida toblandi, cheksiz qalbi va mehri bilan urush dahshatlarini va uning oqibatlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatdi.
1945 yilning 9 may kuni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani e’lon qilinishi bilan bu shonli sana sifatida 80 yildirki keng nishonlanib kelinadi. 9 mayni mamlakatimizda “Xotira va qadrlash kuni” deb e’lon qilinganligi va bu urush va front orti mehnat faxriylari, mehnat fahriylari, qariyalarni qadrlash, e’zozlash, hurmatbajo keltirish kuni sifatida katta e’tibor bilan nishonlaniladi.
Bu sanada har yili uch avlod uchrashuvlari, tirik tarix egalari bilan urushning vahshiyliklari, azoblari, tinchlikning qadri, to‘kin-sochin hayotning bebaholigi, cheksiz qiymati haqida suhbatlar uyushtiriladi. Zero, tarixsiz kelajak yo‘q bo‘lganidek, tarixni bilmasdan kelajakka rejalar tuzishning nuqsonlari ko‘p bo‘ladi. Bugungi baxtiyor va osoyishta hayotimizning asoschilari, fidoiylariga alohida ehtirom ko‘rsatilishini an’anaga aylanishi, shukronalik hissini in’om etmoqda.
Bu albatta O‘zbekistonning ko‘pmillatli xalqini yanada jipslashtirib, ko‘p yillardan buyon ajdodlarimizning urush dahshatlari bilan bog‘liq xotiralarini birga baham ko‘rib kelmoqda.
Chunonchi, o‘zbek xalqi urush maydonida ham o‘z qadr-qimmatini vatan sha’nini saqlashda, yurtni himoya qilishda deb bilib, barcha (Moskva, Leningrad, Brest mudofaasida, Dnepr daryosi bo‘ylaridagi va boshqa) janglarda faol ishtirok etdi va bu albatta bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarining tom ma’nodagi irodasini shakllantirdi.
Zero, xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan qahramonligi, urushdan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, front ortida kechgan og‘ir va mashaqqatli hayoti biz uchun katta hayot maktabi, g‘urur va iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgan sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib boraverishini anglatadi.
Biz Ikkinchi Jahon urushi fahriylaridan mardonavor bosib o‘tgan o‘tmishi uchun, bugungi nurafshon hayotimiz uchun minnatdormiz.
Sizning qahramonligingizni hech qachon unutmaymiz, hamisha jasoratingiz oldida ta’zimdamiz!
D.S.Abdullajanova - O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
psixologiya fanlari doktori, dotsent