Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotira qadri
09:34 / 2025-09-01

Rustam Qosimov haqida o‘ylaganimda ko‘z oldimda jamoat va davlat arbobi, taniqli, sharqshunos olim, diplomat, oliy ta’lim fidoyisi, tashkilotchisi namoyon bo‘ladi.

Men Rustam Qosimov bilan birga ishlash, hamkor, hamfikr, do‘st bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganman. 

Rustam Qosimov qayerda, qanday lavozimda ishlamasin vatanparvar, millatparvar, ma’rifatparvar, insonparvar shaxs sifatida ko‘pchilikning qalbidan o‘rin egallagan edi.

Rustam Qosimov Bosh vazir o‘rinbosari, oliy ta’lim vaziri, Prezident maslahatchisi, oliy o‘quv yurti rektorlari kabi yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Butun umrini mazkur sohalar rivoji va taraqqiyotiga bag‘ishladi. Jonajon vatanimizni xalqaro miqyosda tanilishiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yo‘lda u na aziz umrini, na salomatligini ayamadi. 

U do‘stlarga g‘oyatda vafodor, e’tiborli, insofli edi. Bugun ham oliy ta’lim sohasida, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida uning o‘rni g‘oyatda bilinadi. U haqidagi xotiralar yodga olinadi, u tufayli amalga oshirilgan ezgu ishlar sanaladi. Aslida, inson umrining abadiyati shu emasmi?

Rustam Qosimovning, ayniqsa, mamlakatimiz oliy ta’lim, qolaversa, butun ijtimoiy sohalarga xizmati katta. U mustaqillikni mustahkamlash, Vatan, xalq, sha’nini himoya qilishga butun hayotini bag‘ishladi.

Men Rustam Qosimovdagi halollik, kamtarlik, sadoqat tuyg‘ularini hurmat qilganman. Bu borada ham ko‘pchilik Rustam Qosimovga havas qilgan. U talabchan va bag‘rikeng, qattiqo‘l va samimiy rahbar sifatida ham bizning yuragimizda yashaydi.

Yonimizdagi insonlarni ba’zan hayot tashvishlariga o‘ralashib qolgan holda, ba’zan e’tiborsizligimiz tufayli ko‘p ham qadriga yetavermaymiz. Bu qadrni faqat ular vafot etgandan so‘ng anglaymiz. 

Ming afsuski, Rustam Qosimovni ham qora bulutlar aylangandi. Uning hayot yo‘li, ish faoliyati murakkabliklar, ziddiyatlar, ba’zida adolatsizliklar bilan kechgani barchamizga ayon.

Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan Farmoniga binoan Rustam Qosimovga vafotidan so‘ng “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni berildi. 

Mamlakatimiz rahbarining bu e’tibori, ehtiromi, g‘amxo‘rligi meni juda to‘lqinlantirib yubordi. Demak, Yangi O‘zbekistonda nafaqat inson qadri, balki inson xotirasi ham ulug‘lanmoqda.

Demak, Rustam Qosimov behuda yashamabdi. U qadrlagan xalqi, uni bugun boshiga ko‘tarmoqda, xotirasini yodga olmoqda. Vatan mustaqilligi uchun kurashganlar qatoriga uning nomi ham yozilmoqda.

Tasavvur qilib ko‘ring, Rustam Qosimovning oilasi, yaqinlarining ham boshi osmonga yetdi. Bugun ular faxr-iftixor bilan: “Otamiz behuda yashamagan ekan, otamizning jamiyatda o‘rni bor ekan, qadri bor ekan”, degan fikrga kelishmoqda.

Xotira tuyg‘usi oldida tiriklarning o‘z burchi, mas’uliyati bor, albatta. Buni unutmaslik kerak. Xotira unutilgan joyda qadriyat unutiladi, kelajak unutiladi. Bu holatni boshidan o‘tkazganlar juda yaxshi bilishadi.

Men mamlakatimiz ziyolilari, olimlari nomidan Prezidentim Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirmoqchiman. Har bir ziyolini, har bir vatan fidoyisini qalbida umid uyg‘otgani uchun. Ishonch imoratini tiklagani uchun, xotira qadrini bizga, jamiyatga eslatgani uchun.

Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.