Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotira: O‘zbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov tavalludiga 105 yil to‘ldi
13:14 / 2026-01-01

O‘tgan asrning 30-yillari O‘zbekiston madaniy hayotida o‘zgarish davri sifatida tarixga kirdi. Ayni shu pallada, teatr san’ati endigina professional poydevorini qurayotgan bir vaqtda, sahna ostonasiga yosh, nigohlari o‘tli va ulkan orzularga to‘la bir yigit qadam qo‘ydi. Bu – keyinchalik “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak maqomga erishgan Zikir Muhammadonov edi. Uning taqdirini o‘zbek teatri tarixidan ajratib tasavvur qilish qiyin: u teatr bilan birga ulg‘aydi, teatr bilan birga yuksaldi va milliy sahnamizning darg‘asiga aylandi. Bugun, tavalludiga 105 yil to‘lgan sanada, biz nafaqat bir buyuk aktyorni, balki butun boshli davrni, Mannon Uyg‘ur maktabining eng sadoqatli va yorqin vakilini xotirlaymiz.

O‘zbek milliy teatr san’ati haqida so‘z ketganda, ko‘z oldimizda Mannon Uyg‘ur, Shukur Burhonov, Sora Eshonto‘rayeva, Olim Xo‘jayev kabi darg‘alar gavdalanadi. 1921 yilning ilk kunida Toshkentda dunyoga kelgan Zikir Muhammadonov ana shu oltin silsilaning davomchilaridan biriga aylandi. Uning san’at olamiga kirib kelishi 1938 yilga – teatr san’ati o‘zining shakllanish va yuksalish pallasini boshdan kechirayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Yosh aktyordagi uchqunni ilg‘agan ustoz, teatrning badiiy rahbari Mannon Uyg‘urning uzoqni ko‘zlab qilgan qarori Zikir Muhammadonovning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ustozning tavsiyasi bilan 1945 yilda endigina tashkil etilgan Toshkent davlat teatr institutiga o‘qishga yuborilgan bo‘lajak san’atkor, mazkur dargohning ilk qaldirg‘ochlaridan bo‘lib, professional mahorat maktabini o‘tadi. Bu esa keyinchalik uning ijrosidagi obrazlarning psixologik teranligi va hayotiyligini ta’minlovchi poydevor vazifasini o‘tadi.

Zikir Muhammadonovning 70 yildan ortiq davom etgan ijodiy faoliyati davomida yaratgan yuzdan ortiq obrazlari aktyorning ampluasi chegaralanmaganligini ko‘rsatadi. U bir vaqtning o‘zida jahon klassikasining murakkab qahramonlarini ham, milliy tariximizning buyuk siymolarini ham, zamondoshlarimiz obrazini ham birdek mahorat bilan gavdalantira olgan noyob iste’dod egasi edi. Shekspirning “Gamlet”idagi Goratsio, Shillerning “Qaroqchilar”idagi Ferdinand kabi g‘arbona obrazlar bilan birga, Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasidagi Temur Malik yoki Uyg‘unning “Abu Rayhon Beruniy”sidagi Beruniy obrazlari aktyorning ichki dunyosi nechog‘lik boy ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, uning ijrosidagi Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bek obrazlari o‘zbek tomoshabini uchun donishmandlik va insoniylik timsoliga aylanib ulgurgan.

San’atkorning ijodiy palitrasi faqat teatr sahnasi bilan cheklanib qolmagan. Kino san’atida ham Zikir Muhammadonov o‘ziga xos “imzo”sini qoldira oldi. “Dilorom” filmidagi Shoh Bahrom, “General Rahimov”dagi salobatli general, “Ali bobo va qirq qaroqchi”dagi Yusuf kabi rollar millionlab kinoixlosmandlari qalbidan joy oldi. Biroq, aktyor ijodining cho‘qqisi haqida gap ketganda, Chingiz Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Asrga tatigulik kun” spektaklidagi Edigey obrazini eslamaslikning iloji yo‘q. Bu rol orqali Zikir Muhammadonov inson ruhiyatining eng nozik qatlamlarini, iztirob va matonatni yuksak falsafiy umumlashma darajasiga ko‘tara oldi.

Ijodkor nafaqat sahnada, balki hayotda ham faol shaxs edi. 1977–1982 yillarda O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasiga rahbarlik qilgan davrida ham, mustaqillik yillarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlardagi faol ishtirokida ham u o‘z Vataniga sadoqatli farzand ekanini isbotladi. Uning “Ta’zim”, “O‘zim ko‘rgan-bilganlarim”, “Ulug‘lar orasida” kabi kitoblari esa bugungi avlod uchun o‘zbek madaniyati tarixini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Ahamiyatlisi, shuncha shon-shuhrat, “O‘zbekiston xalq artisti” (1962), “Shuhrat” medali (1994) va nihoyat “O‘zbekiston Qahramoni” (2003) kabi yuksak unvonlar Zikir otaning insoniy qiyofasini o‘zgartira olmadi. U umrining oxirigacha izzattalablikdan yiroq, samimiy inson bo‘lib qoldi.

Zikir Muhammadonovning hayot yo‘li nafaqat san’atdagi muvaffaqiyatlari, balki shaxsiy hayotdagi yetukligi bilan ham ibratlidir. Rafiqasi Mashhura Ibrohimova bilan 72 yil davomida ahil va totuv umr kechirishi, oilaviy qadriyatlarga bo‘lgan sadoqatning yorqin namunasidir. 2012 yilda boqiy dunyoga rihlat qilgan bo‘lsa-da, Zikir Muhammadonov yaratgan maktab, uning jonli ijrolari yozilgan tasmalar va yozgan asarlari xalqimiz ma’naviy mulki sifatida yashashda davom etmoqda. Bugun biz Zikir Muhammadonovni yodga olar ekanmiz, nafaqat buyuk aktyorni, balki o‘z hayotini millat madaniyati ravnaqiga baxshida etgan fidoyi insonni xotirlaymiz.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA