French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XOTIRA: mustaqil Oʻzbekiston poytaxtining birinchi hokimi kim edi?
18:43 / 2020-08-12

Bugun azim poytaxt – Toshkent shaharining ilk hokimi Adhambek Fozilbekovning tavallud topgan kuni. Marhum hayot boʻlganida 80 yoshda boʻlar edi.


Toshkent bugun yangi qiyofaga ega boʻlmoqda. Yosharmoqda, bagʻri odamlarga toʻlmoqda. Mustaqillik yillaridan to hozirgacha Toshkentga Adhambek Fozilbekov, Kozim Toʻlaganov, Rustam Shoabdurahmonov, Abdugʻaffor Toʻxtayev, Rahmonberdi Usmonov hokim boʻlgan. Har biri poytaxtning oʻzgacha chiroy ochishida hissasini qoʻshgan.

photo_2020-08-12_18-35-36.jpgBugun azim poytaxt – Toshkent shaharining ilk hokimi Adhambek Fozilbekovning tavallud topgan kuni. Marhum hayot boʻlganida 80 yoshda boʻlar edi.

Adhambek Fozilbekov 1940-yil 12-avgustda Toshkent shahridagi Egarchi mahallasida ziyoli oilada tavallud topgan. Uni yaqinlari juda harakatchan, oʻqimishli, batartib inson edi, deya xotirlashadi. Mahalladagi 75-maktabda tahsil olib yurgan kezlardayoq uning ilmi va salohiyati yaqqol koʻzga tashlangan.

– Akam nihoyatda koʻp kitob oʻqirdi, – dedi Aqida Fozilbekova. – Shuning uchun ham sinfdoshlari akamni “Geniy” derdi. 7-sinfligida maktab kutubxonasidagi barcha kitoblarni oʻqib boʻlgani uchun, kutubxonachi opa akamni Hamza teatri yonidagi bolalar kutubxonasiga borishni tavsiya qilgan. Rus tilini puxta bilardi. 

Tengqurlari oʻzbek tilidagi badiiy adabiyotlarni endi mutolaa qila boshlagan kezlarda akam Pushkin, Tolstoy, Lermontov, Bulgakov, Gorkiy, Sholoxov, Gogol kabi rus adabiyoti namoyondalari asarlarini bemalol asliyatidan oʻqirdi. Qiziquvchan, bilmaganlarini idrok etgisi kelar edi. Ana shunday qobiliyati uchun ham iqboliga yuqori martabalarda boʻlish baxti bitilgan boʻlsa kerak.

Adhambek Fozilbekov maktabni oltin medal bilan tamomlagandan soʻng Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakulteti talabasi boʻladi. Uning institutdagi tahsili ham samarali kechdi. Yosh Adhambek oʻzbekistonlik tengdoshlari bilan Rossiyaning Dulyova shahridagi chinni zavodida ikki oy amaliyotda boʻladi. 

Bu yerdagi yangi texnika va texnologiyalar bilan tanishadi. Ishlab chiqarish amaliyoti bilan bevosita yuzma-yuz keladi. Kichik sexlardan tashkil topgan zavodning har bir boʻlinmasini kuzatib, koʻp tarkibli xomashyodan shisha ajratib olish, unga ishlov berish jarayonlarida ishtirok etadi.

Mutaxassislar taqchil boʻlgani bois zavod rahbarlari ishchan va zehni oʻtkir yigitga qiziqib, uni olib qolmoqchi boʻladi. Ammo Adhambek Toshkentda ana shunday zavod qurishni, bu sohani oʻz ona yurtida keng quloch yozishini istardi...

Talabaligidayoq iqtidori bilan koʻplarning nazariga tushgan, nisbatan tor soha hisoblanuvchi billur olish texnologiyasi boʻyicha tan olingan sanoqli olimlar eʼtiboriga tushgan Adhambek Fozilbekov “Mikond” zavodiga rahbarlik qilgan yillari iqtidorining butun qirralarini namoyon qildi. Yangi texnologiyalarni joriy qilish, zavodni sohaning yirik markazlaridan biriga aylantirish bilan birga uning mahsulotlarini koʻpaytirib, yosh davlatimiz ehtiyojlarini qondirishga muyassar boʻldi. “Mikond” zavodida tayyorlangan billur qandillar muzeylar, metro bekatlari va masjidlar peshtoqini bezadi.

– Toʻyimiz 1968-yilning noyabr oyida boʻlgan, – deydi Adhambek Fozilbekovning rafiqasi Masʼuda aya. – Juda mehribon va xalqparvar inson edi. Tabiatan ogʻir-vazmin, kamgap boʻlgan umr yoʻldoshim ichki tuygʻularini oshkor qilavermas, lekin uning aqlli va teran nigohlaridan qanday jiddiy ishlar bilan band ekanini sezardim. U oʻziga yuklangan vazifani ishtiyoq bilan bajarar, ezgulik yoʻlida xizmat qilayotganidan baxtiyor boʻlardi. 

Toʻyimizdan bir-ikki oy oʻtib, Moskvaga aspirantura tashvishlari bilan borishga ahd qildi. Qaynonamning undovi bilan men ham hamrohlik qiladigan boʻldim. Muzeylarga, sanat maskanlariga tashrif buyurdik. Ayniqsa, Ermitajga borganimiz esimdan chiqmaydi. Adhambek akam har bir eksponat oldida toʻxtab, menga ular haqida qiziqarli va batafsil hikoya qilardi. Sanʼat tarixidan bunchalar keng maʼlumotga ega ekani meni lol qoldirgan. 

IMG_0583.JPG

Shunda turmush oʻrtogʻimning faqatgina shisha texnologiyasi bilan shugʻullanadigan izlanuvchi emas, balki adabiyot va sanʼatni chuqur tushunadigan, ularning inja sirlarini tahlil qilishga qodir oʻtkir zehnli ziyoli ekanini anglab, taqdir shunday umr yoʻldoshiga duch qilganidan quvonchim ichimga sigʻmay ketgan. Butun boshli shaharga hokim boʻlsa-da oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Xarakteri bilan yon-atrofdagilarga oʻrnak boʻldi.

Toshkentdagi maʼnaviy muhit, ommaning kayfiyati, amalga oshiriladigan islohotlar, ijtimoiy vaziyat mamlakatning kayfiyatiga ham taʼsir qilar va shuning uchun ham poytaxtga rahbarlikka shu zamonning xarakterli jihatlarini yaxshi biladigan, poytaxt ahlining muammolari, dardini tushunadigan, albatta, uning ichiga ham kirib keta oladigan kadr munosib edi. Fozilbekov shahar hokimi boʻlgan vaqtlarda ana shunday talablarga toʻla javob berdi. Shahar rivoji uchun jon kuydirdi...

Oradan 30 yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsa-da Adhambek Fozilbekovni bilganlar yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Uning oʻnlab ijodkorlarga poytaxtda vatanli boʻlishda koʻmaklashgani, yetimlarning boshini silagani, saxovatli va xalqparvar inson boʻlgani esa alohida eʼtirof etiladi. Mustaqil Oʻzbekiston poytaxtining ilk hokimini Toshkent shahar sobiq hokimlari orasida lavozimidan yagona toʻn bilan kuzatilgan hokim, deya ham eslashadi...