Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotira, ma’rifat va ilmiy meros uyg‘unligi
14:20 / 2025-12-22

Buxoro davlat universitetida ma’rifat, tarixiy xotira va ilm-fanga bo‘lgan yuksak ehtiromni ifoda etuvchi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlar milliy ma’naviyat, ilm va ta’lim uyg‘unligini mustahkamlash, tarixiy merosga hurmat ruhida yosh avlodni tarbiyalashga qaratildi.

Tadbirlar doirasida buyuk jadid va ma’rifatparvar Abdulla Avloniy xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-taqdimot tashkil etildi. Unda jadidlar merosini chuqur o‘rganish, ularning ilmiy-ma’rifiy g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish masalalari muhokama qilindi. Ilmiy-taqdimotda Abdulla Avloniyning munosib vorisi Jamshid Avloniy, AQSHning Texas universiteti professori Anvar Zahidov, Koreyaning Sejong universiteti yetakchi olimi Suklyun Xong ishtirok etib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

Mehmonlar “Qatag‘on qurbonlari” xotira muzeyida bo‘lib, tarixiy xotirani asrash, uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Muzey faoliyati mehmonlar tomonidan yuksak baholandi.

[gallery-26850]

Tadbirlar doirasida, shuningdek, universitet taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk tarixchi olim, akademik Sulaymon Inoyatov xotirasiga bag‘ishlangan maxsus xona tantanali ravishda ochildi. Ushbu maskan ilmiy salohiyat, ustoz-shogird an’analari va ma’naviy merosning ramzi sifatida e’tirof etildi.

– Buxoro davlat universitetida tarixiy xotira, ma’rifat va ilm-fan bir-biri bilan uyg‘un holda rivojlanayotganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Bu yerda jadidlar merosiga, buyuk allomalar xotirasiga bo‘lgan yuksak ehtirom kelajak avlod uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratadi. Bunday tashabbuslar nafaqat universitet, balki butun jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi AQSHning Texas universiteti professori Anvar Zahidov.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat) O‘zA muxbirlari.