Poytaxtimizda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Xotira bor ekan – millat barhayot” deb nomlangan adabiy-badiiy, ma’naviy –ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Xotira – abadiy, qadr – muqadddas” mavzusida tashkil etilgan turkum tadbirlar doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur kecha Milliy kutubxona tizimida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yosh xodimlar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy muhitni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Sobir Jampulatov xotira – o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi, hayotimizni yoritib turuvchi kitob ekanini e’tirof etdi.
Taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Jamila Shermuhammedova, Ichki ishlar vazirligining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Zikrilla Ne’matov, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi “Milliy iftixor va harbiy vatanparvarlik” kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi Tursunmurod Mamatqobilov hamda harbiy faxriylar Uchqun Safarov, Siddiq Shukurov va boshqalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirish borasidagi ishlar xususida batafsil so‘z yuritishdi.

Shuningdek, yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo‘lmish tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikda yashashning qadriga yetish har bir fuqaroning burchi ekani qayd etildi.
Taniqli hofiz Abdurashid Isoqov va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gravdiya harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilari samimiy suhbat va boy hayotiy tajribaga ega katta avlod vakillarining hikoyalaridan katta taassurot oldilar.
N.Usmonova,
O‘zA