Buxoroda “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi, viloyat axborot – kutubxona markazining O‘lkashunoslik – axborot sektori tomonidan xassos jurnalist va adib filologiya fanlari doktori, professor Nusratillo Naimov xotirasiga bag‘ishlab “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzusida xotira kechasi o‘tkazildi.
Unda davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, olimlar, jurnalistlar, Nusratillo Naimovning oila a’zolari, markazning viloyat bo‘limlari rahbarlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Kechani “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari Matluba Bozorova ochib berdi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, u o‘tgan asrning saksoninchi, to‘qsoninchi yillarida viloyat va respublika matbuotida e’lon qilgan ocherk va fel’etonlari bilan tanilgan jurnalist. Nusratillo Naimov 19 asrning ikkinchi va 20 asr boshlarida Buxoro ijtimoiy hayotini badiiy tasvirlashda katta tajriba orttirgan ulug‘ adib bo‘lganligi ta’kidlandi.
U 15 dan ortiq asarlar muallifi hamdir. Ayniqsa, Buxoro jadidlariga bag‘ishlab yozilgan qator asarlari yoshlarni ma’rifatli, xalqparvar, millatparvar qilib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Hayotda shunday insonlar yashab o‘tadiki, ularning xotirasi, qilgan ezgu amallari xalq orasida, hamkasb – shogirdlari yodida uzoq yillar yashaydi.
Xotira kechasida Nusratillo Naimovning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Buxorolik hunarmandlarning xalq amaliy san’ati mahsulotlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Zarif Komilov, O‘zA