Vatanimiz tarixidagi 17 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1394 yil (bundan 629 yil oldin) – Eronda besh yillik yurishda bo‘lgan Amir Temur poytaxtda va boshqa hududlarda ahvol qandayligini nazorat qilish uchun o‘g‘li Shohruh Mirzoni Samarqandga jo‘natdi.
1726 yil (bundan 299 yil oldin) – Rossiya imperiyasi Oliy maxfiy kengashi Rossiyadan Xivaga savdogarlarni jo‘natish xivaliklar uchun ham, Xivadagi rossiyaliklar uchun ham foyda keltiradi, axir savdoning taqiqlanishidan ham xazina, ham savdogarlar zarar ko‘rmoqda, degan xulosaga keldi. Bunga sabab biroz oldinroq Peterburgga xivalik elchi Subhonkulibek tashrif buyurib, rus hukumati oldiga Rossiya bilan Xiva o‘rtasida savdo munosabatlarini qaytadan yurgizish masalasini qo‘ygan edi.
1897 yil (bundan 128 yil oldin) – Turkiston tizmasining shimoliy etagida soat 15 yarimlarda O‘ratepa zilzilasi sodir bo‘ldi. Uning kuchi O‘rta Osiyoning katta qismida sezilgan. Yer qimirlash markazida (O‘ratepa yaqinida) magnitudasi 6,6, kuchi 8 ballga yetgan. Oradan 2 soat o‘tgach, zilzila deyarli shunday kuch bilan yana takrorlangan.
Zilzila zarbidan ko‘plab qishloqlar vayronaga aylandi. Oldingi zilziladan shikast ko‘rgan bir qancha imoratlar takroriy zilzilada butunlay buzilgan. Ayniqsa, Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Ulug‘bek madrasasiga katta zarar yetgan. Keyingi yillarda Turkiston-Nurota tog‘larida bir qancha zilzilalar qayd qilingan. Shulardan eng kuchlisi 1898 yilda Zominda 8 balli, 1923 yilda O‘ratepada 7 balli va 1955 yilda Jizzaxda 6–7 balli yer qimirlashlar sodir bo‘lgan.
1907 yil (bundan 118 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavallud topdi (vafoti 1968 yil). Uning ijodi she’riyat bilan boshlangan bo‘lsa-da, adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. Abdulla Qahhor ijodiy hayoti davomida 40 dan ziyod asar e’lon qilgan. U 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – “Turon” gazetasining shu kungi sonida A.F. (Ayn. Fe.) imzosi bilan “Faqir talabalarning holi” sarlavhali maktub bosildi. Unda muallif Buxoroda madrasalar ko‘p bo‘lganiga qaramay, talabalarga hujra yetishmasligi haqida fikr yuritgan. Muallifning yozishicha, ayrim kishilar madrasalardagi hujralarni egallab olib, keyin uni faqir talabalarga ijaraga berishadi. Ijarador kimsa talabalarga og‘ir shartlar qo‘yadi, bu esa achinarli hollarga olib kelgan.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Buxoro respublikasida amirlik davrida mavjud bo‘lgan barcha kitob, o‘quv-yozuv asboblarini Maorif nozirligi ixtiyoriga topshirish, maorif nazoratining ruxsatisiz ularni xorijga olib chiqish va sotib olishni man qilish to‘g‘risida buyruq chiqarildi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Sharqiy Buxorodagi Koraqamish qishlog‘ida Buxoro qo‘rboshilari o‘zlarining birinchi qurultoylariga to‘planishdi. Bu qurultoyni Davlatmandbek va Eshon Sulton uyushtirdi. Arxiv hujjatlarida yozilishicha, Qoraqamish qishlog‘iga Darvoz va Ko‘lobdan yetib kelganlarning miqdori 7000 kishidan kam emas edi. Bu qurultoyda Ibrohimbek Buxoro qo‘rboshilarining Bosh qo‘mondoni etib saylandi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – seleksioner-genetik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oston Jalilov tavallud topdi (vafoti 2014 yil). U seleksiya ishlarida nurlanishdan foydalanish usulini taklif etdi, 15 dan ortiq g‘o‘za navlarini yaratdi.
1945 yil(bundan 80 yil oldin) – adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Baxtiyor Nazarov tavallud topdi (vafoti 2022 yil). Uning tadqiqotlarida Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov mahorati o‘rganilgan. U Oybekning 20 jildli Mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlashda qatnashgan.
1970 yil(bundan 55 yil oldin) – futbolchi, murabbiy,O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” Mirjalol Qosimov tavallud topdi. U “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarini hamda xalq ta’limi sistemasini partiyadan xoli etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonda: “Belgilab qo‘yilsinki, respublika davlat apparati idoralarida va xalq ta’limi sistemasida siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkiliy tuzilmalari tashkil etilishiga bundan buyon yo‘l qo‘yilmaydi”, – deb alohida ta’kidlandi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Adabiyot institutiga Alisher Navoiy nomi berildi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Kahhor haykali ochildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA