Farg‘onada o‘z ayoli va o‘n uch yoshli farzandini bolta dastasi bilan shafqatsizlarcha urib o‘ldirgan shaxsga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan hukm o‘qildi.
Mudhish jinoyat Furqat tumani Qo‘qonboy qishlog‘ida yashovchi Yo‘ldoshevlar xonadonida 2021 yil 10 may kuni sodir etilgan. Voqeadan bir kun avval er va xotin o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Oila boshlig‘i ro‘zg‘or uchun yig‘ib qo‘ygan pul mablag‘idan 500 ming so‘mini olib, dorixonadan dori sotib olish uchun chiqib ketayotgan vaqtida xotini kech bo‘lganda uydan chiqib ketayotgani va ko‘p miqdorda pul olganiga e’tiroz bildirgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, ayoli uning erkaklik sha’niga dog‘ tushiruvchi uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun g‘azabi vahshiyona tus olgan. U xotini va voyaga yetmagan farzandini qasddan o‘ldirish maqsadida yashayotgan uyining hovlisida bolta dastasi uchun mo‘ljallangan yog‘och bilan ona-bolaning bosh va boshqa sohalariga shafqatsizlarcha ko‘p marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.
Shuningdek, Zokir Yo‘ldoshev o‘z qo‘llari bilan o‘ldirgan rafiqasi uning ikkinchi xotini ekani, u bilan turmush qurgan vaqtdan boshlab, murosaga kela olmagani va shuning uchun ichkilikka ruju qo‘yganini ma’lum qilgan.
Sud majlisida marhuma erini "aroq iskanjasi”dan qutqaraman deb ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylagani, bu oila bilan mahalla faollari va uchastka inspektori ko‘p marotaba muloqot qilgani, ammo sudlanuvchi ham, uning rafiqasi ham to‘g‘ri xulosa chiqarmagani aytildi.
Bundan tashqari, er ayolini yengil tabiatlik, buzuqlikda ayblab, voyaga yetmagan farzandini o‘zining farzandi emasligi gumoni ostida yashab kelgan. Ammo hech qanday sabab aybdorni jazodan ozod eta olmadi.
Qotil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi, ikkinchi qismi “a” va “j” bandlari bilan aybli deb topilib, 22 yil uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA