O‘zbekiston «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida «Jamiyatda xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, oilada zo‘ravonlikning oldini olish» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida jamiyatda xotin-qizlarning faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish borasida qator vazifalar belgilanganligini alohida qayd etdi.

– Bugungi kunda O‘zbekiston «Adolat» SDP a’zolari 647 077 nafarni tashkil etib, shundan 330 100 nafari, ya’ni 51 foizi xotin-qizlardir, – dedi partiya raisi. – Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zo¬larining 13 nafarini (62 foiz), xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarimizning 255 nafarini (31 foiz), partiyamiz a’zosi bo‘lgan senatorlarning 3 nafarini (33 foiz) xotin-qizlar tashkil etadi. Partiya tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 99 nafari (25 foiz) xotin-qizlardan iborat. Partiyamiz saylovoldi dasturida xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotdagi rolini, ijtimoiy–siyosiy maqomini yanada oshirish, iqtidorli hamda yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi va siyosatga faol jalb etib borish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olingani alohida ahamiyatga ega.

Shuningdek, tadbirda partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi Muharram Dadaxodjayeva xotin-qizlarning faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni qayd etib, bu jarayonlarda Toshkent shahar Kengashi oldida ham iuhim vazifalar turganligini ta’kidladi. Jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, notinch va ajrim yoqasidagi oilalar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda faoliyat olib borish zarurligini bildirdi.
Tadbir so‘ngida partiya safiga qabul qilingan bir guruh pedagog va talaba yoshlarga partiya a’zolik biletlari topshirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA