FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, shuningdek, ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada har bir hududda, jumladan, Surxondaryo viloyatida ham xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish tashabbuslari ilgari surilmoqda.
Shu kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi navbatdagi tadbir viloyat hokimi tashabbusi bilan Termiz shahridagi San’at saroyida tashkil etildi. Ushbu katta motivatsion uchrashuv va konsert dasturida poytaxtdan tashrif buyurgan el suygan san’atkorlar, taniqli psixolog va motivatorlar ishtirok etdi.
Hayotda turli sinov va to‘siqlarga duch kelayotgan xotin-qizlarni ruhiy qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lom ijtimoiy muhitga qaytarish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga turtki bo‘lish, orzu-maqsadlari sari harakat qilishga ruhiy dalda berish maqsadiga qaratilgan tadbirda motivatsion nutqlar, ijobiy hayotiy misollar, sahnaviy chiqishlar orqali ayollarga har qanday og‘ir holatdan chiqish mumkinligi, o‘ziga ishonch, qat’iyat va sabr bilan hayotda o‘z o‘rnini topish mumkinligi uqtirildi.
[gallery-23718]
Bundan tashqari, tadbir ayollar o‘rtasida ijobiy fikrlash madaniyatini shakllantirish, o‘z hayoti uchun mas’uliyat hissini uyg‘otish, ijtimoiy muammolarni yengish uchun psixologik tayanch bo‘lishi bilan ahamiyatli.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA