O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar asossatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va o‘z biznesini boshlash istagidagi ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga huquqiy yordam ko‘rsatish” mavzusida 3 kunlik seminar-trening o‘tkazildi.
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Mamlakatimiz tadbirkor xotin-qizlarining huquqiy savodxonligini oshirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va o‘z biznesini boshlash istagidagi 20 nafar ayol ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik va biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 66- maqsadida xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish belgilangan.

Hech kimga sir emas, bugungi kunda tadbirkor ayollarda huquqiy savodxonlikning yetishmasligi, tajribasizlik, o‘zlariga ishonchsizlik ular faoliyatlarida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu loyiha shu kabi muammolarga yechim topish, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va biznesni amaliy qo‘llab-quvvatlash orqali xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan.
Seminar-treningda xotin-qizlarga tadbirkorlikning huquqiy asoslari, biznes reja tuzish, biznesni moliyalashtirish, marketing va samarali mahsulot sotish, menejment usullari kabi mavzularda tayanch bilimlar berildi.

Seminarda ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda biznes reja tuzish, rolli o‘yinlar va savol-javoblar orqali ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar va eng faol xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri