Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan sudlarning sudyalari va adliya bo‘limlari tomonidan joylarda qabullar tashkil etilib, aholiga huquqiy maslahatlar berilmoqda.
Mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlashda yangicha tizim joriy etilayotir.
Surxondaryo viloyatida ham ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashga ehtiyoji bo‘lgan ayollar ro‘yxati shakllantirilib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan. bugungi kunda shahar-tumanlarda ular bilan manzilli ish olib borilmoqda. Xususan, viloyatdagi sudlarning sudyalari va tuman adliya bo‘limlari mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan xotin-qizlarning huquqiy masaladagi muammolarini hal etishga yaqindan yordam bermoqda.
Bandixonda bo‘lib o‘tgan qabul chog‘ida ayollar o‘zlarini qiynayotgan uy-joy, ajrim, aliment olish kabi masalalarda sudyalarga murojaat qildi.
Prezidentimizning xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Fuqarolik va iqtisodiy ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi, jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudi, Bandixon tuman adliya bo‘limidan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Rustam XURRAMOV,
Surxondaryo viloyat Bandixon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i