Mamlakatimizda xotin-qizlar va yoshlar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi va“Startup Garage” hamkorligidagi yangi loyiha talaba-yoshlar va yosh xotin-qizlar uchun katta imkoniyatlarni berishi kutilmoqda.
Jumladan, endilikda ular o‘z startap g‘oyalarini rivojlantirish, amalda sinab ko‘rish hamda moliyalashtirish imkoniga ega bo‘ladilar. Hamkorlik asosida trening va mahorat saboqlari tashkil etilib, ishtirokchilar biznes yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashadi.
“Startup Garage” xotin-qizlarning tashabbuslarini muvaffaqiyatli biznes loyihalarga aylantirishga yordam beradi. Shuningdek, ular venchur kapital va fondlardan moliyaviy ko‘mak olish imkoniga ega bo‘lib, loyihalarini nafaqat mamlakatimizda, balki jahon bozorida ham targ‘ib qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Founders School Community startap hamjamiyatiga qo‘shilib, barcha resurslardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA