Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlarning bandligi ta’minlanmoqda
17:58 / 2025-02-03

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida ishsiz va ishlash istagini bildirgan 38 ming 867 nafar xotin-qiz bor. Ularni ijtimoiy himoya qilish, kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish borasida Sirdaryoda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Buning natijasida 12 ming 624 nafar xotin-qiz bo‘sh va yangidan tashkil etilgan ish o‘rinlariga joylashtirilgan bo‘lsa, 7 ming nafardan ziyod xotin-qiz esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

– Prezident farmon va qarorlari, davlat dasturlari jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmagan, ishsiz, kasb-hunarsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda,–deydi Sirdaryo viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i– viloyat hokimi o‘rinbosari Nargiza Tojiboyeva.– Davlat dasturlari ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda o‘tirib qolgan ehtiyojmand ayollar, "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunar turlariga o‘qitish, bandligini ta’minlash maqsadida viloyatdagi mavjud 239 mahallada 20 ming 448 nafar xotin-qizning tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yo‘nalishlarda "Ustoz-shogird" an’anasiga amal qilgan holda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.

[gallery-21576]

Bu boradagi ishni boshlash uchun ularga Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 177 mlrd 562 mln so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, 1214 nafar xotin-qizdan 985 nafariga tikuvchilik yo‘nalishida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun tikuvchilik mashinalari, 319 nafariga qandolatchilik, pazandachilik, sartaroshlik kabi kasblar bilan shug‘ullanishi uchun maishiy texnika vositalari olib berildi.

Xovos tumanida istiqomat qilayotgan Inobat Norbo‘tayevaga bundan bir yil muqaddam tikuvchilik yo‘nalishida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari ochish, ishsiz va kasb-hunarsiz xotin-qizlarni ham o‘qitib, ham ish bilan ta’minlash maqsadida Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 50 mln so‘m miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilgandi. 

Buning natijasida u tikuvchilik yo‘nalishda o‘z faoliyatini yo‘lga quyib, dastlab 2 turdagi tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqargan bo‘lsa, bugungi kunda u ishlab chiqarayotgan tikuvchilik mahsulotlarining turi 7 tadan oshib ketdi. Ahamiyatlisi, u ishsiz va kasb-hunarsiz xotin-qizlarga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida kasb-hunar o‘rgatib, muqim ish joyi bilan ta’minladi. Bu esa, xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, oilalari byudjeti ko‘tarilishiga yordam qilyapti.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng asosiysi, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni jamiyatning teng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish borasidagi ishlarga Sirdaryoda jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri