Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash, sog‘ligi, turar joyi va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi qisqa vaqt ichida o‘zining samarali ijtimoiy mexanizm ekanini amalda isbotlab bermoqda.
Xususan, Navoiy viloyatida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami va natijalari bu tizimning naqadar hayotiy va xalqchil ekanini yaqqol namoyon etmoqda.

– “Ayollar daftari”ning eng muhim jihati xotin-qizlar muammolariga umumiy emas, balki manzilli va individual yondashuv asosida yechim topilayotganidir, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyorova. – Bugun ayollarning ijtimoiy holati, salomatligi, bandligi, oilaviy sharoiti va ehtiyojlari o‘rganilib, har biriga aniq chora belgilab berilmoqda. Natijada 6-bosqich doirasida Navoiy viloyatida 30 ming nafardan ortiq xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatildi. Bu raqam ortida minglab oilalar taqdiri, ayollarning hayotga ishonchi va ertangi kunga umidi mujassam.

Tizim doirasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 10 ming 946 nafar ayolning doimiy yoki mavsumiy ish bilan ta’minlanishi ularning moddiy mustaqilligini oshirish, oila farovonligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, o‘z biznes g‘oyasini amalga oshirish istagida bo‘lgan 848 nafar xotin-qizga 13 milliard so‘mdan ziyodroq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu esa ayollarning tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

“Ayollar daftari” doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar inson qadrini ulug‘lash tamoyili asosida amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir. Boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan yoki og‘ir tibbiy muolajaga muhtoj xotin-qizlarga ko‘rsatilgan moddiy yordamlar ularning hayotiy qiyinchiliklarini yengillashtirishga ko‘mak bo‘lmoqda. Qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan ayollarga berilgan yordamlar esa oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlamoqda. Jumladan, boquvchisini yo‘qotgan 4 ming 926 nafar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan yoki shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj 10 ming 535 nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordamlar berildi. Shuningdek, qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan 2 ming 515 nafar ayolga moddiy yordam ajratildi.
Ayollarning yashash sharoitini yaxshilash ham ushbu bosqichdagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Ta’mirga muhtoj xonadonlarni qayta tiklash, ijara to‘lovlari uchun kompensatsiya ajratish hamda ayrim xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash ularning turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Quyosh panellari o‘rnatilishi esa nafaqat iqtisodiy tejamkorlik, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan yili ayollarni munosib yashash sharoiti bilan ta’minlash maqsadida 189 nafar xotin-qizning xonadonlari ta’mirlab berildi, 275 nafariga ijara kompensatsiyasi, 4 nafariga esa uy-joy ajratildi. Shu bilan birga, 23 nafar xotin-qiz xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilishi yashil texnologiyalarni ijtimoiy himoya tizimiga joriy etishda muhim tajriba bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlar ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Murakkab jarrohlik amaliyotlariga muhtoj bo‘lgan 115 nafar xotin-qiz sog‘lomlashtirilib, ularning to‘laqonli hayotga qaytishi, oila va jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu tizim orqali xotin-qizlar muammolariga vaqtinchalik emas, balki barqaror va uzoq muddatli yechimlar topilmoqda. Bu esa “Ayollar daftari”ni inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan samarali ijtimoiy mexanizm sifatida namoyon etmoqda. Eng muhimi, mazkur tizim xotin-qizlarni jamiyat taraqqiyoti jarayonlariga faol jalb etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri