Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash – jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omili
18:37 / 2026-01-12

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar masalasi davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, roli va mavqei yanada mustahkamlandi.

Ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jamiyatda va oilada gender tenglikni ta’minlash sohalarida olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq.

Xotin-qizlar masalasi “Inson qadri uchun” degan ezgu va ulug‘vor g‘oya hamda yangi O‘zbekiston konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning mustahkam huquqiy poydevori yaratilgan. Bu boradagi huquqiy normalar nafaqat milliy qonunchilikda, balki Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya (CEDAW), Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi kabi nufuzli xalqaro hujjatlarda ham o‘z aksini topgan.

Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur” bugungi kunda hayotga samarali tatbiq etilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25- maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar o‘z ifodasini topgan. 

Sohada amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq, bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foiz, tadbirkorlik sohasida 45 foiz, siyosiy partiyalar safida esa 49 foizga yetganini ko‘rish mumkin.

2024 yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 57 nafari yoki 38 foizini, Senat a’zolarining 16 nafari yoki 27 foizini ayollar tashkil etgani jamiyatda ayollarga bo‘lgan ishonch tobora mustahkamlanayotganligining belgisidir. 

Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan ayollar ulushiga e’tibor qaratsak. 2018 yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich salkam 3 barobarga oshgan. Bu O‘zbekiston kadrlar siyosatida gender tenglik tamoyillari amalda ishlayotganining yana bir misolidir. 

Bunday ijobiy o‘zgarishlar xalqaro reyting va indekslarda ham O‘zbekistonning mavqeini yuksaltirmoqda. Misol uchun, 2025 yilda Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda (IPU Parline) O‘zbekiston deputat ayollar salmog‘i bo‘yicha dunyoning 183 davlati ichida 15 pog‘ona yuqorilab, 37-o‘rinni egalladi.

Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) natijalariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston 103-o‘rindan 52- o‘ringa ko‘tarilib, Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchiga aylandi.

Open Data Watch tashkilotining “Ochiq gender ma’lumotlari indeksi”da esa O‘zbekiston jahonning eng yaxshi 20 ta mamlakati qatoridan joy oldi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar muhim o‘rin tutmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Ayollar ensiklopediyasi” nashr etilishi xotin-qizlarning ilm-fan, madaniyat va sport sohasidagi bilimlarini boyitishda muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, AQSH xalqaro nohukumat tashkiloti hamkorligida “Gender statistikasi” amaliy qo‘llanmasi ishlab chiqildi.

Bugungi o‘zbek ayoli nafaqat oila bekasi, balki yetuk rahbar sifatida ham o‘zini namoyon etmoqda. 2023-2025 yillar davomida “Rahbar ayollar maktabi”da o‘qitilgan 150 nafar nomzodning 55 nafari yoki 37 foizi turli rahbarlik lavozimlariga tayinlandi. Hozirda Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Shirin shaharlari, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on va Yakkasaroy tumanlarini ayol hokimlar boshqarayotgani e’tiborga molik. 

Xotin-qizlarning ilmiy intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning sifatli ta’lim olishi uchun qulayliklar yaratish borasida ham diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Xususan, keyingi 3 yil mobaynida oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda tahsil olayotgan talaba qizlarning 397 ming nafariga 4 trillion so‘mdan ortiq miqdorda 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti ajratilgan.

2020-2025 yillarda 9 ming nafarga yaqin ehtiyojmand xotin-qiz oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilingan.

Mustaqillik yillarida 17 nafar ayol “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga (ularning 7 nafari fan, ta’lim va san’at sohasi vakillari), 11 nafar ayol akademik ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan, minglab xotin-qizlar faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan.

So‘nggi 7 yil ichida respublika 5,2 ming nafar ayol fan doktori (DSc) va o‘z sohalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.

Ma’lumki, ayollarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘llaridan biriga aylanmoqda. Xususan, 2025 yilda 100 ming nafardan ziyod xotin-qizlar bandligi ta’minlandi, 300 mingdan ortig‘i esa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 197,7 ming nafar ayolga 3,3 trillion so‘m kredit, o‘zini o‘zi band qilish istagidagi 43,5 ming nafar ayolga 240 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida tadbirkor ayollar ulushi 2017 yildagi 21 foizdan 45 foizga oshdi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ham e’tibordan chetda qolmadi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 million 265 nafar xotin-qizning qariyb 1 million nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Uy-joyga muhtoj 432 nafar ayol uy bilan ta’minlandi, 5,4 ming nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.

O‘tgan yillar mobaynida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarni  targ‘ib etishga qaratilgan ishlarda xotin-qizlar faolligi birmuncha ortdi.

Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan 2018 yil 2 fevralda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. Respublika komissiyasining yakuniy xulosasiga ko‘ra, 2025 yilda jami 333 nafar faol, fidoyi va tashabbuskor ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilgan 343 nafar nomzoddan 28 nafari ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Milliy va oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ham opa-singillarimiz faol bo‘ldi. Birgina, respublika miqyosida o‘tkazilgan “Xon atlas” milliy festivalida 9 million nafarga yaqin xotin-qiz ishtirok etgan.

Shuningdek, ibratli oilalarni rag‘batlantirish va ularning mazmunli  hayotini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etish maqsadida 2025 yilda 208 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi natijalariga ko‘ra, yurtimizdagi ibratli oilalar soni 40 mingtaga ko‘paygan.

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda davlat idoralari bilan bir qatorda, nodavlat notijorat tashkilotlari ham muhim rol o‘ynamoqda. Birgina Andijon viloyatida aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar davomida bu borada ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan 613 ta NNTning 30 tasi bevosita xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadi. Ular ayollarning muammolarini hal etishda faollik ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi 3 yilda 10 ga yaqin ijtimoiy ahamiyatli grant loyihalari hisobiga 220 nafar ayol tadbirkorlikka jalb etildi, 100 nafar kam ta’minlangan ayolga 380,8 million so‘mlik mini-grantlar ajratildi. Shuningdek, 1,2 ming nafardan ortiq ayolga subsidiya asosida tikuv mashinalari berilib, ularning bandligi ta’minlandi.

Ushbu tashkilotlar tomonidan 1,6 ming nafarga yaqin ayolga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilgani, 4,5 ming nafari bepul kasbga o‘qitilgani ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugungi globallashuv jarayonining murakkab sharoitida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, ayollar va bolalarni himoya qilish – erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasidir.

Kelgusida qonunchilikni yanada takomillashtirish, xotin-qizlar uchun barcha sohalarda keng imkoniyatlar yaratish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda oila institutini mustahkamlash yo‘lidagi ishlarni izchil, tizimli va bosqicha-bosqich davom ettirish jamiyatimiz oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Zero, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta’minlangan davlat, jamiyatning kelajagi yorug‘, taraqqiyoti yanada yuksaladi. 

Adxamjon Uzoqjonov,

 Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.

O‘zA