French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlarni himoya qilish – jamiyat xavfsizligining asosi
12:19 / 2025-11-21

Jizzax viloyat sudi tashabbusi bilan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirda sud, prokuratura, ichki ishlar va adliya organlari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi, ijtimoiy himoya va mahallalar uyushmasi mutasaddilari, shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Seminarni Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari Jamol Qahhorov ochib, mamlakatda xotin-qizlarning huquqlari himoyasi, zo‘ravonlikning oldini olish va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidicha, har bir fuqaroning huquqiy ongi va mas’uliyati jamiyatda barqaror va xavfsiz muhitni ta’minlashda asosiy omildir.

Sudya va mutaxassislar xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda profilaktika ishlarini kuchaytirish lozimligini qayd etishdi. Ular oilalarda o‘zaro hurmat va mas’uliyatni oshirish, jamoatchilikni huquqlar va qonuniy choralar haqida xabardor qilish orqali zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish mumkinligini ma’lum qildilar. Shuningdek, har bir fuqaroning faol ishtiroki va ogohligi jamiyatda xavfsiz muhit yaratishda katta ahamiyatga ega.

Seminarda 2023-2024 yillar hamda 2025 yilning 9 oyi davomida oilaviy zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish maqsadida sudlar tomonidan 37 ta xususiy ajrim chiqarilgani qayd etildi. Amaliyotdagi muammolar va ularning sabablari hamda bartaraf etish choralari keng muhokama qilindi.

Ishtirokchilar sohalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qonunchilik va amaliy tajriba asosida samarali mexanizmlar ishlab chiqish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi. Bu, ayniqsa, oilaviy zo‘ravonlikni kamaytirish va xotin-qizlarni himoya qilishda muhim ahamiyatga egadir.

Seminarda ta’kidlanganidek, xotin-qizlarni himoya qilishda eng muhim omil – barcha mas’ul idoralar va jamoatchilikning hamjihatligi. Shuningdek, tadbir yakunida amaliy rejalar belgilab olindi, ularning ijrosi har bir fuqaroning xavfsizligi va jamiyat barqarorligi uchun muhim qadam sifatida baholandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari