Aslida bahor va ayol egizak tushunchalardir. Bahor ona tabiatga ko‘rk bag‘ishlasa, ayol hayot bo‘stonining bog‘bonidir.
Ayniqsa, bayram kunlari munis va mo‘’tabar onajonlarimiz, dilbar opa-singillarimiz ta’rifiga eng go‘zal ash’orlarni bitamiz. Hayotimiz ko‘rki, deya ularni ko‘klarga ko‘taramiz. Bayram munosabati bilan butun yurtimiz bo‘ylab nafosat malikalari bo‘lgan xotin-qizlarimizga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligi hamda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi hamkorligida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “O‘zbek ayoli – o‘tmish, nafosat, kelajak ramzi” mavzuidagi hujjatli foto ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
“Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” shiori ostida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy arxivlari hamda davlat arxivlarida saqlanayotgan 200 ga yaqin foto hujjatlardan iborat uch davrni, ya’ni Turkiston o‘lkasi 1860-1923 yillar, O‘zbekistonning 1924-1990 yillari va O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi – 1990-2021 yillarni aks ettiruvchi ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy xayotlarini yoritib beruvchi foto suratlar namoyish etildi.
[gallery-5997]
Mazkur asarlarda xotin-qizlarimizning yillar davomida Vatan ravnaqi, el tinchligi va farzandlari tarbiyasi yo‘lida olib borgan fidokorona mehnatlari aks ettirilgan.
Fotoko‘rgazma o‘zbek ayollarining jonkuyarligini nafaqat tarannum etish, balki an’ana va qadiryatlar bilan bir qatorda xar bir davrda xar sohada ilg‘or odimlab borayotgan arxiv hujjatlarini aholiga targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva,
Nosirjon Haydarov(surat) O‘zA