Munosabat
Yil oxirida har birimiz ish faoliyatimizni sarhisob qilib olamiz va, albatta, yangi yil uchun yangi rejalar tuzamiz. Ish faoliyatim davomida oilaning asosi, oiladagi barcha muammo va tashvishlar, quvonch va yutuqlar ayollarning kayfiyati, ruhiyati, bilimiga bog‘liq ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha xodimlarini mamnun qilgani bor gap. Bu xotin-qizlar ulug‘langan yurtda inson chindan aziz ekanining yana bir yorqin isboti, deb o‘ylayman.
Yurtboshimizning ushbu farmoniga binoan oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oila sudyalari tashkil etiladi. Ilgari bu jarayon fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqilar, yuqorida aytganimdek, ko‘p bosqichli jarayon edi.
Endilikda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantiriladi. 2024 yil 1 fevralidan tajriba tariqasida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasi oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda oila sudyalari tashkil etiladi.
Sudya juda band shaxs, ajrim bahstalab masala, o‘rtada mol-mulk bilan bog‘liq nizolar, albatta, bo‘ladi. Bunday holda sudyaning tajribali, xolis va adolatli bo‘lishiga ko‘p narsa bog‘liq. Oila sudyalari faoliyatining tashkil topishi, birinchidan, ajrimlar masalasiga jiddiy yondashuvni anglatsa, ikkinchidan, aynan oila masalalariga ixtisoslashgan tajribali va malakali sudyalar shakllanishiga, bu esa ajrimlar sonining sezilarli kamayishiga olib keladi.
Hech bir oila birdaniga ajrim yoqasiga kelib qolmaydi. Kuzatuvlarga ko‘ra, oilaning iqtisodiy negizi mustahkam bo‘lmagan hollarda bunga moyillik kuchayadi. Shuningdek, 2024 yilning 1 fevralidan kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Xotin-qizlarni kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada oilada tadbirkor, uquvli, tadbirkorlikdan xabardor qiz-juvonlar kamol topadi. Ularning ongi, dunyoqarashi o‘sadi.
Muhtaram Prezidentimizning oila va xotin-qizlar tizimiga bildirgan ishonchi zamirida mana shunday ezgu maqsadlar mujassamligini butun qalbim, vujudim bilan his qilib turibman. Ana shu ishonchni va yaratilajak imkoniyatni oqlash esa siz va bizning muqaddas burchimizdir!
Elnora Ummatova,
Forish tuman hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA