Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlarga ehtirom yangi muvaffaqiyatlarni boshlab kelsa, ne tong
13:54 / 2022-03-07

Munis va mehribon onalar va opa-singillarimiz bilan xonadonlar obod va charog‘on. Fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor ham aynan eng nozik xilqat – ayollarimiz bayrami bilan boshlanishi bejiz emas.

Tabiatning uyg‘onish pallasi bo‘lgan ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Chirchiq shahridagi “Navro‘z” tantanalar zalida tashkil etilgan “Ayol buyukligi” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tantanasi ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi. 

Chirchiq shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi hamda homiy tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda turli sohalarda faol mehnat qilayotgan xotin-qizlar, mehnat faxriylari ishtirok etishdi. 

Bayram tadbirida Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov so‘zga chiqib, xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, ayollarimizning oila va jamiyatda tutgan o‘rni, ularning mamlakatimiz ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jabhalardagi soni tobora ortib, har bir sohada o‘zining munosib hissalarini qo‘shayotganini hamda buning ortidan yutuq va muvaffaqiyatlarga  erishilayotganini e’tirof etdi.

Tadbir doirasida bir guruh faol xotin-qizlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar esa ko‘ngillarga xushnudlik ulashdi.  

– Chirchiq shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida xotin-qizlarimizning ham mehnatlari tahsinga loyiq. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarimizga yaratilayotgan keng imkoniyatlar bois, bugun ularning sharoiti yaxshilanmoqda. O‘tgan yili hududimizda 1 ming 800 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatgich teng yarmiga qisqardi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi raisi O‘tkir Tojiboyev.  

Darhaqiqat, hayotimizning fayzu-ko‘rki, oila va jamiyat ustuni bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish azal-azaldan xalqimizga xos bo‘lgan oliy qadriyatlardan biri sanaladi. Chirchiqda boshlangan tantanalar oilalarda, mahallalarda davom etmoqdaki, bu ko‘tarinki kayfiyat yangi-yangi muvaffaqiyatlarni boshlab kelsa, ne ajab.  


                                                                      I.Rahmonov, O‘zA