Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi.
Andijon viloyati hokimligida Prezidentimizning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, turli yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ayollarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatilayotganligi, ular har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganligini ta’kidlab, davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi hamda mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.

– Kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan boshim ko‘kka yetdi. Ushbu mukofot nafaqat menga, balki butun viloyatimiz ayollariga berilgan deb bilaman. Bugun ana shu mukofotni ko‘ksimga taqdim, qalbim faxr-iftixorga to‘ldi. Bundan buyon ham e’tirofga munosib bo‘lish, yurtimiz ravnaqi yo‘lida yanada samarali mehnat qilish uchun astoydil mehnat qilaman, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining organik dehqonchilik va o‘rmon melioratsiyasi kafedrasi professori Gulchehra O‘rinboyeva.

Shuningdek, tadbirda viloyat hokimi opa-singillarimizni bayram bilan muborakbod etib, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi, hayotimizning barcha jabhalarida fidoyilik bilan mehnat qilayotganliklarini alohida e’tirof etdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.