Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari doimiy e’tiborda
13:48 / 2021-11-13

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ham bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga muhim dasturilamal bo‘lmoqda.  

Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashining Yoshlar siyosati,  xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi boshchiligida tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan viloyatda mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi.

Joriy yilda shahar va tumanlar kesimida 110 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ro‘yxatga kiritilgan ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga arzon uy-joylar ajratilishining shaffofligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligining ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan. Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududlar kesimida shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan oilalarlar joyiga chiqib o‘rganildi.  

Viloyatning Buxoro va Kogon shaharlarida ro‘yxatlar shakllantirilgan bo‘lsada, 2021 yilda “O‘zshaharqurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmachiligida uy-joy qurilmayotganligi, yangi tartib asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardan berilishi rejalashtirilayotganligi sababli ruyxatga olingan xotin-qizlar bilan dastlabki shartnomalar tuzilmagan.

Qolgan barcha tumanlarda shakllantirilgan ro‘yxatlardagi  uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning hujjatlari nizom talablari asosida rasmiylashtirilib, dastlabki shartnomalar tuzilib, omonat daftarchalari ochilgan. Shuningdek, Peshko‘ tumani Yangibozor mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro A.Saidovaning, G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro F.Abdullayevaning hamda Qorovulbozor tumanida 3 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlanmaganligi sababli, uy-joy  berishning imkoni yo‘qligi aniqlandi. Ishchi guruh a’zosi, bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari ishtirokida mazkur xotin-qizlarni ishga joylashtirish ishlari  nazoratga olindi.  

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar bilan olib borilgan suhbatlardan kelib chiqib ushbu sohada quyidagi masalalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Birinchidan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlar duch kelayotgan asosiy muammolardan biri  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida tasdiqlangan hujjatlarni to‘plash yoki hujjatlar miqdorining ko‘pligidan e’tiroz bildirilmoqda. Yoki shundoq ham og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning turli davlat tashkilotlari eshigi oldida ma’lumotnoma so‘rab murojaat qilib sarson bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bugun mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati tubdan takomillashib borayotganligi, turli tizimlardagi integratsiyalashuv jarayonlarini inobatga olgan holda uy-joyga muhtoj xotin-qizlar tomonidan arizaga ilova qilinadigan 11 ta hujjatlar turini qisqartirish lozim.  

Ikkinchidan, uy-joyga muhtoj, tegishli hujjatlari mezon talablariga mos keladigan biroq tayinli ish o‘rniga ega bo‘lmaganligi sababli kelgusida ipoteka kreditlarini to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lmagan xotin-qizlar bandligini ta’minlash zarur. Bu borada bandlik bo‘limlari birinchi navbatda mavjud vakant lavozimlarga mazkur toifadagi xotin-qizlar bandligi ta’minlashga e’tiborini qaratishi lozim.

Albatta barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz tub negizida insonlarning farovon va baxtli yashashlarini ta’minlash maqsadi mujassam. Zero, ayol go‘zal bo‘lsa –  olam go‘zal, ayol baxtli bo‘lsa – oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi.

Zulfiya To‘yeva,  

Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati,  

Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik  

masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi