Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar va erkaklar huquqlari tengligining kafolatlanishi jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi
14:08 / 2023-12-07

Jamiyatda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

Xalq farovonligi, jamiyat osoyishtaligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan ham gender tenglikni ta’minlash vazifasini davlat zimmasiga olishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir.  

Bosh Qomusimizning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, mazkur moddada davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi kafolatlangan.

Mamlakatimizda Konstitutsiya kuni o‘ziga xos bayram qilinadi. Ushbu muhim sana oldidan O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Go‘zalxon Nurmuhammedovaning gender tenglik mavzusidagi fikrlari bilan qiziqdik.

– Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda gender tenglikning ta’minlanishi xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, gender tenglik ta’lim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik, ijod qilish, madaniyat sohalarida ham ta’minlanishi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshiradi.  

Xalqning yetuklik darajasi ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti bilan ham belgilanadi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Natijada birgina oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning yarmini xotin-qizlar tashkil eta boshladi.

Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi dedik. Buni boshqa yo‘nalishlar doirasidagi raqamlar misolida ham ko‘ramiz. Xususan, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Jumladan, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi. Dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Gender tenglik prinsiplarni Konstitutsiyada belgilash davlat tomonidan ayollarga bo‘lgan alohida e’tiborni ko‘rsatadi. Shuningdek, ayollarning davlat va ijtimoiy hayotidagi rolini oshirib, ularga o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga xizmat qiladi.

Mazkur o‘zgartirish xalqaro me’yor va standartlarga to‘liq mos keladi hamda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishga imkon beradi.

O‘zA muxbiri Ikrom Avvalboyev yozib oldi.