Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan 60 foiz holatda ruhiy zo‘ravonlik, 20 foiz holatda jismoniy zo‘ravonlik sodir etilgan
11:27 / 2023-12-13

Hech kimga sir emas, bugungi kunda ham xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar mavjud. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilish imkonini bermaydi.

Joriy yilda  Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda hududiy bo‘linmalarga jami 61 ming 412 ta murojaat kelib tushgan. Shundan  47 ming  465 tasi (virtual orqali),  11 ming  719 tasi sayyor qabullar davomida hududiy boshqarma va bo‘limlardan, vazirlik va idoralardan, 2 ming 228 tasi  Qo‘mitaga  kelgan  fuqarolarning  murojaatlarini tashkil qilgan.  

Yo‘llangan murojaatlarning  16  ming 940 tasi  moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa ajratish masalasida bo‘lsa, 13  ming 20  tasi uy-joy bilan ta’minlash, 2 ming 55 tasi uy-joy ta’miri masalalari bo‘yicha, 9 ming 260 tasi   ayollar daftari masalasida,  8 ming 75 ta murojaat oilaviy masalalar,  1 ming 872 tasi sog‘likni tiklash, bandligini ta’minlash hamda 151 tasi esa   tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanish kabi  masalalardan iborat.  

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganib ko‘rilganida,  ularning qariyb 85 foizi oilada sodir etilganligi aniqlangan.  

Bu borada IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar boshqarmasi boshlig‘i  Umida Abdullayeva quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.  

– Xotin-qizlarga va bolalarga  nisbatan zo‘ravonlik global muammo, deydi Umida Abdullayeva. –  Shu kunga qadar, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.  Oilaviy, maishiy zo‘ravonlik tushunchasini qonunga kiritish borasida mas’ul tashkilotlar tomonidan bir necha bor takliflar berilgan. Davlat rahbarining tashabbusi bilan qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar holatlari uchun  javobgarlik choralari kuchaytirildi. Oiladagi zo‘ravonlik uchun  ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni qonunga alohida jinoyat sifatida kiritgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova va Ukrainadan keyin 5-davlatga aylanganligi e’tirof etildi.  Ma’lumot sifatida aytib o‘tishim kerak, himoya orderi respublikamizda joriy etilguniga qadar,  dunyoning 126 ta davlatida amalda bo‘lgan.  

Jahonning ko‘pgina mamlakatlarida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari alohida toifaga kiritiladi. Chunki bunday holatlarning oldini olish ham, ularning oqibatlarini bartaraf etish ham o‘ziga xos farqli jihatlarga ega. Ammo shunday bo‘lsada, eng rivojlangan davlatlar ham bu borada to‘liq yechim topdik deya maqtana olmaydi.  

Aynan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2023 yilning o‘zida 6 ming nafardan ziyod fuqaro javobgarlikka tortilgan. 400 dan ziyod jinoiy ishlari qo‘zg‘atilgan. 32 mingdan ziyod himoya orderi berilgan.  Eng achinarlisi, salkam 60 foiz holatda ruhiy zo‘ravonlik, 20 foiz holatda jismoniy zo‘ravonlik sodir etilgan. Bu illatlarga qarshi kurashishda mahalladagi beshlik o‘z ishini to‘la ado qilyapti deb ayta olaman. Ular har bir oiladagi holatni uyma-uy yurib aniqlamoqda.  

Men bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman. Ushbu muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlangan me’yoriy huquqiy hujjatlar asosida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Lekin biz insonlarning bu illatga qarshi dunyoqarashi va ongini o‘zgartirmas ekanmiz, bu holatlar davom etaveradi.  

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA