Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish – davr talabi
12:27 / 2025-08-08

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy sud tashabbusi bilan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari hamda kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi vakillari, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazmun-mohiyati, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik normalari haqida so‘z yuritib, mamlakatimizda har bir oila davlat himoyasida ekanligini ta’kidladi.

[gallery-24656]

Seminarda ushbu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov organlari hamda sudyalar tomonidan qaror qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ularning oldini olish choralari va sud amaliyotini bir xillashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi moddalar kiritilgan.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar mahallalarda bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, bunda mahalla yettiligi, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik hamkorligi, hududlarda zo‘ravonlik ostida yashab kelayotgan oilalar hamda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, mavjud muammo va ularning yechimi haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlanganidek, qonun qabul qilinganiga ikki yildan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan bir qator jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinmoqda.  

Tadbir so‘nggida qonun ijrosi, profilaktik ishlar, jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish, jinoyat ishlarini samarali tergov qilish hamda sud amaliyotida bir xil yondashuvlarni ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.  

A.Bo‘riyev,

O‘zA muxbiri