O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bugun Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida bo‘lib, mahallalardagi xotin-qizlar hayoti, ularning tashabbus va mehnat faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Oqoltin tumani Shodlik mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Oila va xotin-qizlar maskani”da ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar alohida e’tiborga molik. Bu yerda go‘zallik saloni, pishiriq sexi va zamonaviy kompyuter kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar Zulayho Mahkamova tomonidan ijobiy baholandi va maskan faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mirzaobod tumanidagi tashrif ham samimiy ruhda kechdi. Bu yerdagi “Oila va xotin-qizlar maskani”da “Oqila ayollar harakati” a’zolari mehmonni tantanali kutib olishdi. Ular oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, kitobxonlik va ma’naviyatni targ‘ib qilish, mahallalarda tozalik va totuvlikni ta’minlashda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, ularning hazilomuz she’r va laparlari aholi kayfiyatini ko‘tarib, yoshlarda milliy kuy-qo‘shiqlarga mehr uyg‘otmoqda.

Tashrif doirasida mehnatsevar oilalar bilan ham suhbatlar tashkil etildi. Jumladan, T. Ahmedov mahallasidan Ollanazar va Go‘zal Alimovlar 18 yildan buyon anorchilik va asalarichilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. 380 quti asalari uyasi va yiliga 3 tonnadan ortiq shifobaxsh asal — ularning halol mehnati samarasidir. Mahsulotlar “Mirzaobodning totli asallari” nomi bilan sotuvga chiqarilib, brend darajasiga ko‘tarilayotgani quvonarli hol sifatida qayd etildi.

Yangi O‘zbekiston mahallasidan Nafisa Mahkamova esa 33 million so‘m kredit asosida nonvoychilik sexini yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda u yetti nafar mahalliy ayolni ish bilan ta’minlagan. Har kuni oilaviy sexda 600 dan ortiq non pishirilib, do‘konlarga yetkazib beriladi. E’tiborlisi, tadbirkor ayol nogiron farzandi Azizani ham ish jarayoniga jalb qilib, uning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashmoqda.

Turg‘un Ahmedov mahallasidan Halima O‘razaliyeva xonadonida ham tomorqadan unumli foydalanish orqali anorchilik va chorvachilik yo‘lga qo‘yilgan. Oilada mehnatsevarlik va birdamlik tufayli farovonlik hukm surmoqda, farzandlari esa oliy ma’lumotli mutaxassislar sifatida tarbiya topgan.
Zulayho Mahkamova tashrif chog‘ida viloyatda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini oshirish va oilaviy daromadni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi:
– Xotin-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, oilaviy farovonlikni ta’minlashi — mamlakat taraqqiyotining asosiy poydevorlaridan biri. Sirdaryo viloyatida ayollarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, xonadonlarda tomorqadan unumli foydalanish orqali daromad manbalarini ko‘paytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar quvonarli. Bu yo‘nalishdagi tashabbuslarni biz qo‘llab-quvvatlaymiz va zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyormiz, – dedi Z. Mahkamova.
Shuningdek, rais kelgusida ayollar bandligini ta’minlashda zamonaviy kasb-hunar kurslari va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri