Navoiy viloyatining Qiziltepa, Nurota, Navbahor tumanlarida o‘quv kurslarini sifatli tashkil etish, xotin-qizlarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazining filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Markaz tomonidan start berilgan “Yashil lenta” loyihasi doirasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ishsiz xotin-qizlarning talab va istaklaridan kelib chiqib, milliy hunarmandchilikning qo‘g‘irchoqchilik, tikuvchilik, cartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etilmoqda, – deydi Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – O‘quv kurslari samaradorligini oshirish maqsadida markaz tomonidan oliy ma’lumotli, tajribaga ega, tanlagan sohasi bo‘yicha amaliy bilimga ega malakali mutaxassislar jalb qilinmoqda.
Filiallarning ochilishida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva o‘quv kurslari faoliyati, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur tumanlarda faoliyat boshlagan markaz filiallari o‘quv kurslarida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan tuzilgan memorandumga asosan birinchi navbatda har birida 124 nafardan “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ishsiz xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatilib, ularga sertifikatlar beriladi va bandligini ta’minlash maqsadida kasbiy-talim.uz platformasiga kiritiladi. Ularga mahallalardagi hokim yordamchilari ko‘magida subsidiya asosida kasbiga qarab uskunalar olib berish yoki tegishli tartibda imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA