Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar tadbirkorligi uchun qancha imtiyozli kreditlar ajratildi?
10:41 / 2022-11-03

Bugun yurtimizda ayollar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bu borada duch kelayotgan muammolariga yechim topish davlatimiz siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

«Mikrokreditbank» ATB tomonidan ham yurtimizning turli hududlaridagi xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, 2022 yil boshidan bugungi kunga qadar 36 196 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlikning turli yo‘nalishdagi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha bank tomonidan zaruriy choralar ko‘rilgan holda ijtimoiy dasturlar doirasida 724,4 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada 36 756 nafar ayollar bandligi ta’minlandi.

Masalan, «Mikrokreditbank» ATBning Namangan mintaqaviy filiali tomonidan opa-singil Turopovalarga imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lib, ular ayni kunda ushbu mablag‘ hisobiga go‘zallik saloni ochib, 5 nafar ishsiz xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Namanganlik Dilfuza Ahmedova esa bankdan kredit olib, o‘z tumanida uy bog‘cha ochdi va mahallasidagi ayollarni ish bilan ta’minlash orqali ko‘plab oilalarning bolajonlari uchun shinam go‘shani tashkil etdi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi fuqaro D.Mamatboyevaga «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida o‘z uyida issiqxona tashkil qilish uchun 33 mln. so‘m, N.Nabiyevaga «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida tikuvchilikni tashkil qilish uchun 75 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi va tumandagi ishsiz yoshlarni, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobiga hududlarda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, parrandachilik, issiqxona, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, asalarichilik, quyonchilik, hunarmandchilik, o‘zini o‘zi band qilish hamda boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga puxta zamin yaratildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlarni, ustuvor ravishda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashga yo‘naltirish, ushbu daftarga kiritilgan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan oldin ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va biznes loyihalarini tayyorlashga ko‘maklashish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bank tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Natijada “Ayollar daftari” 3-bosqichda daftarga kiritilgan, tadbirkorlik istagida bo‘lgan 9 189 nafar xotin-qizga 89 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, «Mikrokreditbank» ATB xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish uchun tadbirkorlik istagida bo‘lgan xotin-qizlarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishida ko‘maklashadi va bu kabi ishlar keyingi oylarda ham davom ettiriladi.

 

O‘zA