French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanadi
18:31 / 2022-08-16

Andijon shahri aholisining deyarli yarmini xotin-qizlar tashkil etadi.

Shahardagi ish bilan band aholining 101 ming nafari, yoki 51 foizi ayollar. 

Andijon shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ayniqsa, ijtimoiy hamda turmush sharoiti og‘ir, ishsiz xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish, doimiy daromad manbalarini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

– Joriy yilda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, kasanachilikni yo‘lga qo‘yish, o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga va boshqa barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xotin-qizlar uchun 2 ming 111 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Bu borada olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida xotin-qizlar uchun 1 ming 64 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 

Jumladan, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan ayollar tomonidan 400 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.  
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda birinchi navbatda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan, vaqtincha ishsiz, opa-singillarimizni tadbirkorlikka jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ularning imkoniyat va sharoitlar o‘rganildi, ular ishtirokida turli targ‘ibot tadbirlari, seminarlar o‘tkazildi. Hozirga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 1 ming 949 nafar ayolning 423 nafari Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo sanoat palatasi, «Tadbirkor ayol», «Hunarmand» uyushmalari viloyat bo‘limlari, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi hamda banklar hamkorligida tadbirkorlik bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitildi. 

– Maqsadimiz mahallalardagi qiyin sharoitda yashayotgan, ish bilan band bo‘lmagan ayollarning muammo va imkoniyatlarini o‘rganish orqali ularga ko‘maklashishdir, – deydi AT Xalq banki Andijon shahar bo‘limi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dildoraxon Zulunova. – O‘z tadbirkorligini boshlash istagidagi, maxsus kurslarda tahsil olgan ishsiz ayollar tadbirkorlik borasida muayyan bilimga egami, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, bank kreditidan foydalanish, mahsulot tayyorlash, ishlab chiqarish, sotish, kreditni qaytarish imkoniyatlari qay darajada? Ana shu yo‘nalishlarda opa-singillarimizga zarur bilim, tushuncha, tavsiya va maslahatlar berildi.  

Hozirga qadar Andijon shahrida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi, maxsus kursni tamomlagan opa-singillarimizdan 310 nafariga 4 milliard 669 million so‘mdan ziyod miqdorda kredit ajratildi. Bundan tashqari, Bandlik markazi tomonidan 18 nafar ayolga issiqxona qurish va tikuv mashinalari sotib olish uchun 133,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar berildi.  

– O‘zim chevarman, “Ayollar daftari”ga kiritilganman, – deydi Andijon shahri Maorif mahallasida yashovchi Muharramxon Nazirova. – Bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonimda tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Mahallamizdagi chevarlikni biladigan, lekin ishsiz bir necha ayolni ishga oldim. Hozirda ayollar, bolalar kiyimlarini tikib, sotishni yo‘lga qo‘yganmiz. Mahsulotlarimiz ancha xaridorgir. Shu bois, daromadimiz ham yaxshi.  

Andijon shahri Namuna mahallasi, A.Fitrat ko‘chasida yashovchi Gavharoy Sodiqova “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganib, o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, uning mahalladoshi Safoiy ko‘chasida yashovchi hunarmand Muhabbatxon Sattorova bankdan ajratilgan 5 million so‘m kredit hisobiga o‘z xonadonida ko‘rpa-to‘shak tikishni yo‘lga qo‘ydi. Qolaversa, yana ikki nafar ishsiz mahalladoshini ish bilan ta’minladi. 

– Men va men kabi ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘makdan behad xursandman, – deydi Muhabbatxon Sattorova. – Ana shu e’tibor tufayli o‘z imkoniyatlarimizni yuzaga chiqardik, eng asosiysi, ishlab, daromad topib, oilamizga yordam berish, xonadonimiz kam-ko‘stini to‘ldirish imkoniga ega bo‘ldik. Buning uchun Prezidentimizga, ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha barchaga rahmat aytaman. 

Umuman, Andijon shahrida joriy yil yakuniga qadar maxsus kurslarni tamomlab, sertifikat olgan yana 1 ming 639 nafar ayolga “Xalq banki”, “Agrobank”,

 “Mikrokreditbank” shahar bo‘limlari tomonidan navbat asosida kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Andijon shahrida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, shu orqali ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan ishlar tizimli va reja asosida olib borilmoqda.  

Faxriddin UBAYDULLAEV,  
Zuxriddin UMRZOQOV (foto), O‘zA