Andijonda “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi doirasida xotin-qizlar tadbirkorlikka o‘qitiladi.
Tadbirkor ayollar, o‘z biznesini boshlash istagidagi xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida loyiha boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar loyihaning ahamiyati, maqsad va mazmuni xususida gapirdi.
– “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi yosh tadbirkorlar, yangi ish boshlagan korxona va kompaniyalarning qisqa muddat ichida jadal, tez rivojlanishiga yordam beradigan loyiha hisoblanadi, – deydi loyiha treneri Nargiza Mirzaalimova. – Loyihaning asosiy maqsadi biznes yo‘liga kirish niyatidagi, shuningdek, tadbirkor ayollarimizga faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, investitsiyalar jalb qilishga yoki o‘zlarining tayyor mahsuloti bilan bozorga chiqishlariga yordam berish, biznes faoliyatlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashishdan iborat.
[gallery-24282]
Loyiha doirasida ikki oylik maxsus kurslar tashkil etiladi. Kurslarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagidagi xotin-qizlar jalb etiladi. Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tiladigan mashg‘ulotlarda menejment, marketing asoslari, biznesni rejalashtirish, moliya va buxgalteriya hisobi, tadbirkorlik mahorati va liderlik mahorati kabi mavzular o‘qitiladi.
Bundan tashqari, tinglovchilar BMTning “Taraqqiyot” dasturi doirasida tashkil etiladigan o‘qishlar, turli tadbirlarda ishtirok etish, imtiyozli kreditlar olish, mentor yordamidan foydalanish, mutaxassislardan bepul konsultatsiya va maslahatlar olish, umuman, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarga maxsus sertifikatlar beriladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari