Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar saylovga qanday qatnashadi?
09:40 / 2019-10-18

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.


Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanayotir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga jahon hamjamiyati, jumladan, BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro ixtisoslashgan muassasalar tomonidan yuqori baho berilmoqda. Bunday ijobiy o‘zgarishlarga yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida xotin-qizlarning jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi, ularning ijtimoiy nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan salmoqli ishlar poydevor bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart.

Mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning bilim olishi, kasb tanlashi, mehnat qilishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasida bugun xotin-qizlarimizda har jabhada faollik sezilmoqda, bir so‘z bilan aytganda, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib, salohiyatli xotin-qizlar soni tobora kengaymoqda. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning qabul qilingani ham muhim voqea bo‘ldi. Bu esa bugungi kunda yurtimizda ayollarga e’tibor har qachongidan ham yuksaklarga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Har tomonlama munosib xotin-qizlarimizni parlamentda, mahalliy kengashlar deputatlari orasida safini kengaytirish bugunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizning eng oliy organi bo‘lgan parlamentda ayollar salmog‘ini oshirish borasida talaygina amaliy ishlar olib borilmoqda. Bo‘lajak saylovlarda ularning ishtirokini kengaytirish, qiziqishlarini rivojlantirish hamda xotin-qizlarning ko‘pchilik o‘rinlarni egallashlariga erishish maqsadida O‘zbekiston XDP hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Deputatlikka start”, “Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish va saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish” mavzularida viloyatning barcha hududlarida o‘quv seminar-treninglari o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlarda asosan partiya a’zolari orasidan faol, nomzodi deputatlikka zaxiraga kiritilgan xotin-qizlar ishtirok etib, keng jamoatchilik oldida o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etish bilan birga katta siyosiy jarayon oldidan o‘zlarini sinovdan o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, 246 nafar partiyamiz elektoratining ishonchi va hurmatiga sazovor bo‘lgan faol xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasida saylov tizimining o‘ziga xos jihatlari, siyosiy partiyalarda saylov uchun kurash, uni amalga oshirish jarayonlari, saylovlarda ishtirok etish va g‘alaba qozonish taktikalari haqida batafsil tushuncha berilmoqda. Viloyatda xotin-qizlarning ham ijtimoiy-siyosiy faolligi, huquqiy bilimini oshirish, ularni ijtimoiy himoyalash, og‘irini yengil qilish, oila va jamiyatdagi nufuzini oshirish, davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirokini ta’minlashni o‘z oldimizga vazifa etib belgilab olganmiz.

Darhaqiqat, bugun davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarning mavqeini oshirish hamda ularning haq-huquqlarini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yangi qabul qilingan Saylov kodeksida ham ayollarning soni siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerakli belgilab qo‘yildi. Mazkur norma orqali ayollarning saylovlarda o‘z nomzodlarini qo‘ya olish imkoniyati vujudga keldi, ikkinchidan, saylovchilarda ham tanlash doirasi kengaydi. Bu esa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga to‘liq mos holda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ularning oila, davlat va jamiyat qurilishidagi vazifalarini hal etishdagi o‘rni hamda nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 22 dekabrda b

o‘lib o‘tadigan saylovlarda deputatlikka ko‘rsatiladigan nomzodlarning 50 foizini xotin-qizlar tashkil etishini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Yaratilgan shunday imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz parlamentida va mahalliy kengashlarda xotin-qizlar soni va hissasi tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida respublikamiz bo‘yicha 5 nafar, Senatda 4 nafar, mahalliy kengashlarda 480 nafardan ortiq partiyamizdan saylangan deputat ayollar partiya elektorati manfaatlarini himoya qilmoqda.

O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati a’zolarining 32 ming 413 nafarini, ya’ni 68 foizga yaqinini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Mana shunday katta salohiyatli xotin-qizlarni bugun saylovoldi ishlarimizga safarbar etishimiz, ularning faolligi va tashabbuskorligini yanada kuchaytirishimizni davrning o‘zi talab etmoqda. Partiyamizdan saylanadigan deputat ayollarning sonini ko‘paytirish asosiy vazifamizdir.

O‘zbekiston XDPning bosh maqsadi – ijtimoiy adolat, ijtimoiy birdamlik, demokratiya va ozodlik, ijtimoiy barqarorlik, har bir oila va xalq farovonligiga erishishga yo‘naltirilgan ekan, mana shunday ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etishda partiyamiz xotin-qizlari eng oldingi saflarda bo‘lishiga ishonamiz.

Dilbarxon Mamajanova,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Farg‘ona viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati