Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar samarasi Sirdaryo viloyatida ham o‘z ifodasini topayotir.
Guliston shahrida bu borada olib borilgan tizimli ishlar natijasida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar orasidan chiqqan tadbirkorlar soni bugun 440 nafarga yetdi. Ularning o‘z qiziqishi bo‘yicha faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun qariyb 3 milliard 573 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i yo‘naltirildi.

– “Ayollar daftari”ga kirishimdan avval ijtimoiy ahvolim juda og‘ir edi, – deydi Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Madina Karimberdiyeva. – Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish haqidagi rejam oiladagi muammolarim sababli amalga oshmayotgan edi. Guliston shahar hokimligi hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi yordami bilan menga tijorat bankidan 20 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan zarur uskuna va jihozlarni xarid qilib, issiqxona xo‘jaligi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Hozir issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yetishtiryapmiz. Daromad ham yaxshi. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirish niyatidaman.

Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Fayziyevaning ta’kidlashicha, Madina Karimberdiyeva singari 30 yoshdan oshgan 18 ming 646 nafar ayolning ijtimoiy holati o‘rganilib, kasb-hunar egallash, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan 703 nafar xotin-qiz “Ishga marhamat” monomarkaziga yo‘naltirildi. Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli bugungi kunda Guliston shahrida istiqomat qilayotgan 527 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, 14 nafar xotin-qiz doimiy ishga, 24 nafari vaqtinchalik jamoat ishlariga joylashtirildi. Tikuvchilik, qandolatchilik va maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan 23 nafar xotin-qizga subsidiya ajratish uchun tavsiya berilgan bo‘lsa, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizning 103 nafariga 212 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan 880 nafar xotin-qizga jami 1 milliard 196 million 800 ming so‘m miqdorida bir martalik yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 155 nafar uy-joyga muhtoj, ehtiyojmand xotin-qizdan 67 nafariga 500 ming so‘mdan 9 oylik, 24 nafariga esa 8 oylik ijara kompensatsiyasi to‘lab berilmoqda. Sog‘lig‘ida muammosi bor, davolanishga muhtoj bo‘lgan 34 nafar xotin-qizning tibbiy muassasalarda davolanishi, sog‘lig‘ini tiklashi uchun 255 million 163 ming miqdoridagi pul mablag‘i, qaramog‘ida nogiron farzandlari mavjud bo‘lgan 183 nafar xotin-qizga 248 million 880 ming so‘mlik bir martalik yordam mablag‘i ajratildi.
Muhimi, bu kabi xayrli ishlar Gulistonda keng ko‘lamda davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri