Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi
15:22 / 2023-05-29

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2023 yilning fevral-aprel oylarida “Xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va yo‘nalishlari” mavzusida respublikaning 6 hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 819 nafar xotin-qiz o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva  ishtirokida  tashkil etilgan brifingda ushbu tadqiqot natijalari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, xotin-qizlar oilaviy qadriyatlarining shakllanishida oilaviy muhit va undagi tarbiya, ota-onaning sulolaviy, shaxsiy o‘rnagi hamda o‘z hayotiy tajribasi muhim o‘rin egallashini bildirgan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, xotin-qizlar ayol baxtining asosini oilalarning tinchligi, farovonligi, mustahkamligi, farzandlarning borligida, oiladagi samimiy munosabatlarda va yaqin insonlarning o‘zaro g‘amxo‘rligida, deb hisoblashadi. Qishloq hududlarida yashovchi aksariyat xotin-qizlar o‘zlarini, eng avvalo, ona va rafiqa sifatida baholaydi.

Xotin-qizlarning aksariyati oilali va farzandli bo‘lishni o‘zining asosiy hayotiy ehtiyoji sifatida belgilaydi. Oila qurish bilan birga, jamiyatda ijtimoiy faol bo‘lishni istagan, ishlash, o‘qish va kasb-hunarli bo‘lishga intilayotgan, buni o‘zining hayotiy muhim maqsadi va baxtining bir qismi sifatida ko‘ruvchi xotin-qizlar toifasi borligi tadqiqot natijasida o‘z ifodasini topdi.

Qayd etilishicha, tadqiqot davomida ishtirokchilarning 80,4 foizi nikohga o‘z xohishiga ko‘ra rozi bo‘lgan. Shu bilan birga,  13,2 foiz holatda oila kattalarning kelishuvi, sovchilar orqali qurilganligi ma’lum bo‘ldi.  

Tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi respondent oilaviy ajrimlarga mutlaqo qarshi. Ularning aksariyati oilaviy munosabatlardagi beqarorlik, salomatlikdagi jiddiy muammolar hamda oiladagi zo‘ravonliklar tufayli ajralishlar bo‘lish ehtimolini inkor etmagan.

Respondentlar xiyonat, farzandsizlik, juftlik xarakterining mos tushmasligi va oiladagi janjallar, turmush o‘rtog‘ining psixik jihatdan nosog‘lomligi va boshqa og‘ir xastaliklar tufayli ajrim holatlari yuzaga kelishini ta’kidlagan.

Aksariyat xotin-qizlar uchun oilani asrab qolish maqsadi, ishlash va kasbiy o‘sishdan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsada, har oltinchi respondent uchun ish faoliyati juda qadrli hisoblanadi. Bu toifadagi ayollar ish faoliyati oilasining butunligi va tinchligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan taqdirda ham o‘z ishidan voz kechishga tayyor emasligini aytib o‘tgan.

Ahamiyatlisi, so‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 68,3 foizi inson salomatligining qadrini ustun qo‘ysada,  amalda 16 foiz respondent uni birinchi o‘ringa qo‘ymasligi aniqlandi.

Bugungi kunda ayollarning salmoqli qismi farzandlari tarbiyasida umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, oiladagi sog‘lom ma’naviy muhit, mehnat qilish, o‘z fikrini ayta olish va adolatli bo‘lish kabi xususiyatlar ustunlik qilishini xohlaydi.

Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA