Guliston shahridagi «Farovon» tantanalar uyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda shahar hokimi Farrux O‘ktamjonov boshchiligidagi mutasaddilar, ijtimoiy soha vakillari, tadbirkor va hunarmand ayollar, «Oqila ayollar» harakati a’zolari hamda ta’lim va tibbiyot sohalarida faoliyat yurituvchi xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirda shahar hokimi barcha munis va mo‘’tabar opa-singillarni samimiy qutlab, xotin-qizlar oila va jamiyatning mustahkam tayanchi, hayotimiz fayzi va ko‘rki ekanini ta’kidladi. Ushbu bayram orqali xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy faolligini yanada qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi hissalarini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida turli sohalarda faoliyat yuritib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar shahar hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ular orasida ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik va mahalla tizimida faoliyat yurituvchi ilg‘or ayollar alohida e’tirof etildi.

Baxt mahallasida istiqomat qilayotgan, "Bivijonlar maktabi" rahbari Shodigul Saidova o‘z fikrlarini shunday bayon etdi:
– Bu yil xotin-qizlar kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining tabrigi nainki men, balki barcha xotin-qizlarimiz uchun ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Eng muhimi, «Oqila ayollar» harakati a’zosi sifatida Guliston shahrida o‘tkazilgan bayram tadbirida ishtirok etib, o‘z mehnatimning qadr-qimmati va jamiyatdagi o‘rnimni his qildim. Buning uchun avvalan yurtboshimizga chuqur tashakkur aytaman.

Shuningdek, bayram tadbirida xushovoz san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar va rang-barang konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat, bir olam zavqu shavq ulashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri