English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xotin-qizlar muammosi doimo e’tiborda
20:15 / 2023-01-26

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova xotin-qizlar, ta’lim, bandlik va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va mavjud muammolarga yechim topish maqsadida Buxoroda bo‘ldi.

Bosh vazir o‘rinbosari Buxoro shahridagi “Monday” dasturlash markazida IT sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi.

Axborot texnologiyalari va dasturlash sohasiga qiziquvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “IT Park” Buxoro filiali tomonidan 2000 ga yaqin xotin-qizlar kompyuter savodxonligi, dasturlash yo‘nalishlarida o‘qitildi. Shundan, IT Woman Uz loyihasi doirasida 300 nafar, “Ayollar daftari”ga kirgan 258 nafar ayollarga bepul o‘qidi.

bugungi kunda viloyatning dasturlash sohasida iqtisodiy hamda eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilashda ayol dasturchilarning ham o‘rni katta hisoblanadi. Birina IT Park Buxoro filialining rezidentlari tomonidan 8 milliard so‘m miqdoridagi xizmatlar ko‘rsatilib, eksport xizmatlar 173 ming dollarga yetkazildi.

O‘quv kurslarini bitirayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlagan holda IT tadbirkorlar sonini oshirish, shahar va tumanlarda masofaviy xizmatlar markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini 20 milliard so‘mga, eksport ko‘rsatkichlarini 600 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Buxoro Davlat universitetida ixtirochi, olima ayollar va viloyatdagi mavjud oliygohlarda tahsil olayotgan ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar bilan muloqot o‘tkazdi. Talabalarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Talaba xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun tavsiyanomalar taqdim etildi.

“Ishga marhamat” monomarkazidagi uchrashuvda migratsiyadan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, probatsiya va profilaktik nazoratda turgan, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, xotin-qizlar muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul ham o‘tkazildi.

Zulayho Mahkamova Buxoro shahridagi 1-son umumta’lim maktabida shahardagi umumta’lim maktablarining rahbarlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va psixologlari, sog‘liqni saqlash mas’ullari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida oila-mahalla-ta’lim hamkorligi, tarbiya masalalari, erta turmush, erta tug‘uruq kabi salbiy holatlarning oldini olish borasida yig‘ilish o‘tkazdi.

Buxoro shahar hokimligida “Ayollar daftari”ning 3-bosqichida ishsizlar toifasi ro‘yxatiga kiritilgan tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 10 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida asbob-uskunalar berildi.

– Ma’lumotim oliy, hisobchi bo‘lib ishlaganman, – deydi Buxoro shahar “Bahouddin Naqshband” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Nozima Idrisova. – Bir nafar o‘n yoshli farzandim bor. Shu farzandim bo‘lgach, ishdan bo‘shab uzoq yil o‘z sohamda ishlamadim. Chunki ketma-ket oldingi farzandlarim nobud bo‘lgan. 55 yoshdaman. “Ayollar daftari”da turardim. Mahalla xotin-qizlar maslahati va yordami bilan monomarkazga tikuvchilik yo‘nalishida uch oylik kursni o‘qib chiqdim. U yerda buxgalteriya yo‘nalishida qisqa muddatli kurslar borligini eshitib, unda ham o‘qidim. Chunki bu sohada yangiliklar ko‘p. Endi o‘z tadbirkorlik ishimni yo‘lga qo‘ymoqchiman, bolamni oyoqqa turg‘azishim kerak. Xotin-qizlarga berilayotgan bunday imkoniyatlardan juda xursandman.

Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va berilayotgan imtiyozlar haqida suhbatlashildi.

XVII asrning ikkinchi yarmi, aniqrog‘i, 1670-71 yillarda barpo etilgan Jo‘ybori Kalon madrasasi “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti sifatida 1992 yil 1 sentyabrda faoliyatini boshlab, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Mazkur muassasa o‘rta ma’lumotli boshlang‘ich arab tili murabbiysi, diniy ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari maslahatchisi tayyorlaydi. Ayni paytda u yerda respublikamizning turli viloyatlaridan 75 nafar talabalar tahsil olmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘lib, ta’lim dargohining mudarrisalari va talabalari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, ma’rifatning taraqqiyotda tutgan o‘rni xususida muloqot o‘tkazdi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA.